O‘zbekiston futbol federatsiyasidagi mavjud bo‘limlar viloyat futbol federatsiyalarida ham bo‘lishi shart. Tashkilot prezidenti Umid Ahmadjonov har bir viloyat hokimlari bilan alohida ko‘rishib, shu masala yuzasidan fikr almashadi.

Foto: “Daryo”

2018-yilgi mavsumda O‘zbekistonning barcha stadionlarida muxlislar uchun yegulik va ichimliklar bo‘ladi

Mazkur ish yuzasidan O‘FF delegatsiyasi 12 ta viloyat va Qoraqalpog‘istonda islohot ishlarini olib borishi rejalashtirilgan. Umid Ahmadjonovga qadar O‘FF qoshidagi har bir bo‘lim rahbari viloyat futbol federatsiyasiga tashrif buyuradi va uning ichida shu kabi bo‘lim faoliyat boshlashi uchun zamin hozirlaydi. Bunda O‘FF mutaxassislari viloyat futbol federatsiyasi mutaxassislariga kerakli ko‘rsatmalarni beradi, shu vaqtga qadar yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni aniqlaydi.

Shuningdek, alohida komissiya viloyat futbol federatsiyalarining ishini va ular qanday vazifalarni bajarayotganini to‘liq o‘rganib chiqadi. Ish faqatgina federatsiyalar bilan yakuniga yetmay, viloyatdagi mavjud stadionlar, bolalar futbol maktablari va futbolga aloqador boshqa ob’ektlar zimdan tekshiriladi. Ish quyidagicha taqsimlanadi:

  • bolalar va o‘smirlar futbol maktablari, klublar infratuzilmasi, undagi shart-sharoitlar;
  • ayollar futboli va mini futbolni rivojlantirish yo‘lida qilinayotgan ishlar;
  • moliyaviy masalalar hamda kadrlar bilan ishlash;
  • musobaqalarni o‘tkazish jarayonida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar;
  • murabbiylar malakasini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar;
  • OAV va futbol jamoatchiligi bilan ishlash jarayonlari.

Sir emaski, viloyat hokimi bir vaqtning o‘zida shu viloyat futbol federatsiyasining prezidenti ham hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, Umid Ahmadjonov komissiya xulosasi asosida viloyat hokimlari bilan shaxsan suxbatlashadi va futbolni ko‘tarish borasida fikr almashadi.

Rejaga ko‘ra, O‘FF delegatsiyasining ilk safari Jizzaxdan boshlanadi. Bugun — 4-yanvar kuni uning bir qismi safarga jo‘nab ketgan bo‘lsa, ertaga tashkilot prezidenti Jizzaxga yetib boradi.