3-yanvar kuni Toshkentda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashining 3-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo”ga tashkilot vakillari ma’lum qildi.

Foto: O‘zbekiston yoshlar ittifoqi

Yig‘ilish davomida Yoshlar ittifoqining mamlakat yoshlariga murojaatnomasi qabul qilindi. Unda yoshlar muammolariga hamda ittifoqning yangi yildagi ustuvor vazifalariga urg‘u berildi. Jumladan, 2018-yilda asosiy e’tibor yoshlar jinoyatchiligiga qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi ishlarini samarali tashkil etishga qaratilishi ta’kidlandi.

Quyida murojaatning to‘liq matni bilan tanishishingiz mumkin.

Aziz yoshlar!

Barchamizga yaxshi ma’lumki, aholining 60 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadigan mamlakatimizda yoshlarga juda katta imkoniyatlar, sharoitlar, imtiyozlar va qulayliklar yaratib berilmoqda. Bunga javoban yoshlarimiz hozirda fan, ta’lim, madaniyat, sport, axborot kommunikatsiya texnologiyalari kabi ko‘plab sohalarda yuksak natijalarni qo‘lga kiritmoqdalar.

Muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan yurtimizda 2018-yil – “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilinganligi ham yoshlarimizning ulkan salohiyatiga yuksak ishonch ekanligidan dalolatdir.

Bu — kelajak bunyodkorlarining g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni amaliy ishlarga jalb qilish va baland marralar sari olg‘a intilishga bo‘lgan da’vatdir.

Afsuski, ba’zi yoshlar ana shunday yaratib berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanmay, bilib-bilmay jinoyat ko‘chasiga kirib qolgayotganligi keng jamoatchilik vakillarini jiddiy tashvishga solmoqda.

Garchi 2017-yilda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik darajasi 2016-yilga nisbatan 9698 taga yoki 14 foizga kamaygan bo‘lsada, respublika bo‘yicha 23 mingga yaqin yoshlar tomonidan jinoyatlar sodir etilganligi, shundan 759 nafari yoki 3 foizi kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar o‘quvchilari, 273 tasi yoki 1,1 foizi talabalar, 8935 tasi yoki 36 foizi ishlamaydigan, jamiyatda faol bo‘lmagan yoshlarni tashkil etayotganligi achinarli hol va bu borada olib borayotgan ishlarimizning natijasi yetarli emasligini ko‘rsatadi.

Yoshlar o‘rtasidagi aksariyat jinoyatlar huquqiy bilimning yetishmasligi va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etmasligi natijasida sodir etilmoqda.

Shunday ekan, kelinglar, aziz yoshlar, bo‘sh vaqtimizni ijtimoiy foydali o‘tkazishga harakat qilaylik, kitob o‘qiylik, kasb-hunar egallash choralarini ko‘raylik, jamiyatga kerakli va savobli ishlar bilan band bo‘laylik.

Shu sababli mamlakatimiz yoshlarining taklif va tavsiyalarini inobatga olgan holda 2018-yilni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tizimida yoshlar jinoyatchiligiga qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi ishlarini samarali tashkil etishni ustuvor vazifa sifatida belgilaylik!

Aziz yoshlar! Hammamiz birinchi navbatda o‘zimizning taqdirimizga, shuningdek, tengdoshlarimiz hayotiga befarq bo‘lmasligimiz lozim, zero loqayd inson jamiyatning dushmani hisoblanadi.

Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olishdamahkam bir musht bo‘lib jipslashaylik. Tengdoshlarimizning kelajagi uchunqayg‘uraylik. Ota-onamiz, jamiyatimiz va Yurtboshimiz ishonchini oqlaylik!

Hurmatli ota-onalar, keng jamoatchilik vakillari!

Jinoyatchilik va huquqbuzarliklar asosan farzand tarbiyasiga befarq munosabatda bo‘lish natijasida kelib chiqayotganligi ayni haqiqatdir.

Farzand tarbiyasiga, eng avvalo, ota-ona, undan keyin esa jamoatchilik mas’ul ekanligini aslo unutmaylik.

Bolalarimizning ertaga kim bo‘lishi, qanday kasb-hunar egallashi bugun biz bilan birga siz — ota-onalarning mas’uliyatiga bog‘liq ekanligini chuqur anglaylik!

“Buyuk kelajagimiz egalarini birga asraylik!” degan so‘zlarni o‘zimizga shior qilib olaylik. Farzandlarimizning yurish-turishlaridan, darslarga o‘z vaqtida borib-kelishidan, xulqi, odobi va fe’l-atvoridagi o‘zgarishlardan ogoh bo‘laylik.

Muhtaram Prezidentimiz “O‘z uyingni, o‘z bolangni o‘zing asra” deb aytganlaridek, farzand tarbiyasiga e’tiborni kuchaytiraylik, to‘g‘ri ta’lim-tarbiya olgan bola el koriga yaraydi, jinoyatchilik, huquqbuzarlik, o‘g‘rilik yo‘q mamlakat dunyodagi eng baxtiyor va farovon yurt bo‘ladi.