2017-yilgi futbol mavsumi avvalida O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedov Xitoyning “Shanxay SIPG” futbol klubi bilan shartnoma imzoladi. Bungacha Sankt-Peterburgning “Zenit” klubida ishlagan portugaliyalik mutaxassis Andre Villash-Boash, Rossiya Premyer-Ligasidagi o‘yinlari orqali yaxshi tanib olgani Ahmedovni osiyolik legioner maqomida Xitoyga taklif qilgandi.

Foto: Getty Images

Villash-Boash bilan “Shanxay SIPG” Chempionlar Ligasining yarim finaliga qadar yetib bordi. Xitoy Kubogining finalida o‘ynadi va mamlakat Super Ligasini vitse-chempion sifatida yakunladi. Bu shanxayliklar oldinga bo‘y cho‘zganidan dalolat beradi. Biroq mavsum so‘ngida portugaliyalik murabbiy o‘z lavomizini tark etishga qaror qildi. Ahmedovning esa shanxayliklar bilan shartnomasi bor.

“Championat.asia” nashri Odil Ahmedovning 2017-yili qanday o‘tganini sarhisob qilib chiqdi. Daromad borasida Xitoyga tashrif Ahmedov uchun oldinga qadam bo‘ldi, o‘yin bobida-chi?

Foto: “Championat.asia”

Super Ligada 30 ta tur o‘yini bo‘lsa, Ahmedov shularning 19 tasida harakat qilgan. U hech qachon zaxiradan o‘yinga qo‘shilmagan. Futbolchi qatnashgan o‘yinlarning 13 tasida shanxayliklarning qo‘li baland kelgan. 4 ta o‘yinda g‘olibni aniqlab bo‘lmagan. Ahmedov ishtirokidagi 2 ta o‘yinda “Shanxay SIPG” futbolchilari maydonni boshi egik holda tark etgan. Ahmedov jami 1691 daqiqa maydonda bo‘lgan.

Skolari boshchilik qilgan va yakunda mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan “Guanjou Evergrand”ga qarshi bellashuvda Odil Ahmedov mavsumdagi eng past ko‘rsatkichini qayd etgan. U amalga oshirgan uzatmalarning 77 foizi sheriklariga aniq yetib borgan. Nisbatan solishtirganda, bu ham u qadar yomon natija emas.

Foto: “OSports”

29-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan “Xenan Jiane”ga qarshi o‘yinda esa Ahmedov eng yuqori natijasini ko‘rsatdi. U bergan paslarning 94,5 foizi jamoadoshlariga aniq yetib borgan. Agar Ahmedovning 19 ta o‘yinda qayd etgan natijalarini birgalikda sarhisob qilsak, o‘rta hisobda uning 87,6 foiz pasi aniq ekanini payqash mumkin. Bu esa qoniqarli natija.

19 ta o‘yinda Ahmedov raqiblar darvozasiga 28 ta zarba bergan va shularning 3 tasi golga aylangan. O‘zbekistonlik futbolchi “Xenan Jiane”, “Chonkin Linfan”, “Shanxay Shenxua” kabi klublarga qarshi o‘yinlarda gol urgan. Uning hisobida 1 ta golli uzatma ham bor.

Foto: Getty Images

Ahmedov 11 ta o‘yinda markaziy yarim himoyada to‘p surgan. Yana 8 tasida Villash-Boash undan tayanch zonasi vakili sifatida foydalangan. Mavsum davomida futbolchi hakamlar tomonidan 4 marta ogohlantirilgan. U “Xenan Jiane”ga qarshi har ikki o‘yinda ham sariq kartochkaga loyiq ko‘rilgan. Qizil kartochka esa olmagan.