2018-yilda bakalavriat ta’lim yo‘nalishining maqsadli qabul kvotasini 2017-yilga nisbatan 20 foiz oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning yillik hisobotida ma’lum qilindi.

Foto: O‘zA

“Tibbiy ta’lim bo‘yicha eng muhim hodisa, o‘qish muddatlarining qisqartirilgani bo‘ldi. Shuningdek, kasbiy fanlar bloki kengaytirilib, ijtimoiy-iqtisodiy fanlar bloki 7 foizgacha qisqartirildi, klinikagacha va klinikaga oid fanlar uchun soatlar hajmi 85 foizgacha ko‘paytirildi. 2017—2018-o‘quv yilidan boshlab birinchi marta maqsadli qabul yo‘lga qo‘yildi va 2017-yilda tibbiy oliy o‘quv yurtlariga maqsadli qabul uchun 1 ming 180 o‘rin ajratildi”, — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, 2018-yilda bakalavriat ta’lim yo‘nalishining maqsadli qabul kvotasini 2017-yilga nisbatan 20 foiz oshirish, maqsadli magistraturani 10 foiz ko‘paytirish, klinik ordinatura qabul kvotasini 15 foiz oshirish belgilandi.

“2017-yil investitsiya dasturiga ko‘ra 27,6 milliard so‘m mablag‘ evaziga Toshkent pediatriya tibbiyot institutining simulyatsiya markazi va klinikasida, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filialining 120 o‘rinli, Andijon davlat tibbiyot institutining 120 o‘rinli, Buxoro davlat tibbiyot institutining 200 o‘rinli, Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filialining 100 o‘rinli jami 540 o‘rinli klinikalarda qurilish, rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda”,— deyiladi hisobotda.

2018-yil investitsiya dasturi doirasida Toshkent pediatriya tibbiyot institutining simulyatsiya markazi, mazkur institut Nukus filialining 120 o‘rinli, Andijon davlat tibbiyot institutining 120 o‘rinli, Buxoro davlat tibbiyot institutining 200 o‘rinli klinikalarida qurilish va rekonstruksiya ishlarini davom ettirish uchun 31,8 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.