O‘zi rahbarlik qilayotgan tumandagi ta’lim muassasalarining rahbarlarini urib, haqoratlagani bilan tanilib ketgan Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumani hokimi Nosirjon Egamberdiyev uning bu harakatlarini yashirincha videoga tushirgan kollej direktori ustidan prokuraturaga shikoyat qildi. Bu haqda “Kun.uz” xabar bermoqda.

Foto: “Kun.uz”

Xabar berishlaricha, hokim Egamberdiyev tuman prokurori nomiga topshirgan arizasida 2017-yil 28-avgust kuni tuman hokimligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishdagi mojaroli vaziyatni yashirincha videoga olib, OAVga chiqarib yuborgan va bu bilan uning obro‘siga putur yetkazgan shaxslarga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Aynan shu yig‘ilishda hokim tumandagi ta’lim muassasalari rahbarlarini urib, haqorat qilgan edi. “Kun.uz”ning viloyat prokuraturasiga asoslanib tarqatgan axborotida bu harakatlar hududda o‘tkazilgan “Mustaqillik bayramiga qo‘l ostidagi xodimlarni madaniy hordiq chiqarish uchun olib kelmagan ta’lim muassasalari rahbarlarini haqoratlab, ularga qo‘l tekkizish” holati deb ta’riflangan.

Tuman prokuraturasi hokimning arizasi asosida tekshiruv olib borib, yashirincha olingan va OAVga tarqatilgan video muallifi Sayxunobod sanoat kasb-hunar kolleji direktori Komiljon Rahmonov ekanini aniqlagan. Uning harakatlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 46-moddasi (“Fuqaroga ma’naviy va moddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor etish”) bo‘yicha tavsiflangan va shu modda bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilgan.

Hozirgi vaqtda ish ko‘rib chiqish uchun ma’muriy ishlar bo‘yicha Sayxunobod tuman sudiga yuborilgan. “Endilikda unga eng kam oylik ish haqining 2 baravarigacha miqdorda jarima solinishi mumkin”, — deb yozadi “Kun.uz”. MJtKning 46-moddasi bo‘yicha aybdor deb topilganlar eng kam ish haqining 0,5 barobardan 2 barobarigacha, mansabdor shaxs bo‘lsa — 2 barobaridan 5 barobarigacha miqdorda jarimaga tortiladi.

Qayd etish joiz, Sirdaryo viloyat prokuraturasi hokim Egamberdiyevning direktorlarni urishi hodisasi yuzasidan tekshiruv olib borgan va uning harakatlarini MJtKning 41- va 183-moddalari bo‘yicha tavsiflab, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida ish ochgan. Ish 28-dekabr kuni ma’muriy ishlar bo‘yicha Sayxunobod tuman sudiga yuborilgan.

Avvalroq, shahardagi ta’lim muassasalari rahbarlarini haqorat qilgan Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullayev eng kam ish haqining 30 barobari miqdorida jarimaga tortilgani ma’lum bo‘lgan edi.