Maktab direktorlarini haqorat qilib, ularni urayotgani videosi tarqalib ketgan Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumani hokimi Nosirjon Egamberdiyevning ishi 28-dekabr kuni sudga yuborildi. Bu haqda, Sirdaryo viloyat prokuraturasiga asoslanib, “Kun.uz” xabar bermoqda.

Foto: “Kun.uz”

Xabar berishlaricha, hokim Egamberdiyevga nisbatan viloyat prokuraturasi tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi (haqorat qilish, ya’ni, shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish) va 183-moddasi (mayda bezorilik, ya’ni, jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzish) bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘agan.

Ma’muriy ish ko‘rib chiqilishi uchun 28-dekabr kuni ma’muriy ishlar bo‘yicha Sayxunobod tuman sudiga yuborilgan. “Endilikda tuman sudi hokimni 5 million so‘mdan ortiq miqdorda ma’muriy jazoga tortishi taxmin qilinyapti”, — deb yozadi “Kun.uz”.

Ma’lumot uchun, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi (“Haqorat qilish”) bo‘yicha aybdor deb topilgan shaxs eng kam ish haqining 20 baravaridan 40 baravarigacha miqdorida jarimaga tortiladi, 183-modda (“Mayda bezorilik”) bo‘yicha esa aybdor eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarimaga tortilishi yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olinishi mumkin.

Hokim Nosirjon Egamberdiyev Sayxunobod tumanidagi maktablarning direktorlarini urayotgani aks etgan video sentabr oyi o‘rtalarida internet-nashrlar tomonidan e’lon qilingan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, direktorlar viloyatdagi Mustaqillik bayramiga yetarli miqdorda ishtirokchi olib kela olmagani uchun videoda ko‘rsatilgani kabi “jazolangan”.

Video OAVda e’lon qilingan kuniyoq — 12-sentabrda Sayxunobod tumanida Sirdaryo hokimi G‘ofurjon Mirzayev ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilgan. Shu yig‘ilishda Egamberdiyev qilgan ishi uchun o‘qituvchilardan uzr so‘ragani xabar qilingan edi. “Yig‘ilishda ushbu vaziyat yuzasidan hali tegishli chora ko‘rilishi, u uzr so‘rash bilan qutula olmasligi qayd etib o‘tilgan”, — deyilgan edi dastlabki xabarlarda.

O‘shanda “Kun.uz” nashrining manbasi “hokimning ishi paxta terimi mavsumidan keyin ko‘rib chiqilishi”ni, uning “ishda qolishi masalasi yuqoridan keladigan ko‘rsatmaga bog‘liq”ligini ma’lum qilgan edi. 13-sentabr kuni Bosh prokuraturadagi manba Egamberdiyevning harakatlari yuzasidan Sirdaryo viloyat prokuraturasi tekshiruv boshlaganini “Daryo”ga ma’lum qilgan edi.

Sayxunobod hokimining masalasi qariyb “bosdi-bosdi” bo‘lib ulgurgan edi, biroq noyabr oyi o‘rtalarida Andijon shahri hokimi Dilmurod Rahmatullayev kollej direktorlarini haqorat qilgani bilan bog‘liq yangi mojaro yuzaga chiqdi. 26-dekabr kuni hokim Rahmatullayev Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasida ko‘rsatilgan holat bo‘yicha aybdor deb topilib, eng kam ish haqining 30 barobari miqdorida jarimaga tortilgani haqida xabar berildi (biroq sud qachon bo‘lib o‘tganiga aniqlik kiritilmagan).