2017-yilda arxeologlar insoniyat o‘tmishi haqidagi qiziqarli ma’lumotlarni fosh qilishga yordam bergan ko‘plab g‘aroyib artefaktlarni namoyish etdi. “Nauka.TV” yilning eng ko‘p taassurot qoldiruvchi arxeologik topilmalarini to‘pladi.

Foto: “Nauka.TV”

Kuz faslida 400 ga yaqin to‘g‘ri burchakli tosh konstruksiya topilganligi haqida ma’lum qilindi. Sport maydonchalari to‘siqlarini eslatuvchi bu toshlar “darvozalar” deb nomlandi. Strukturalar mehmondo‘st bo‘lmagan peyzajlar — lava maydonlari, siyrak o‘simlik dunyosi va suv manbalarida topilgan. Biroq ming yillar avval bu joylar insonlar yashashi uchun ko‘proq moslashgan edi.

Fevralda O‘lik dengizning noma’lum qo‘lyozmalari saqlangan g‘orlar topilganligi e’lon qilindi. Qazish ishlari davomida qo‘lyozmalarni saqlash uchun idishlar, teri mahsulotlari va mato topildi. Topilgan sopol idishlar va qo‘lyozma parchalari g‘orning kirish qismidan 4—6 metrda joylashgan devor o‘yiqlariga yashirilgan edi.

Misrda fir’avn Ameni Kemauning 3800 yillik piramidasi topildi. Bu Qadimgi Misr podshosining ikkinchi piramidasidir. 1957-yilda topilgan birinchi piramida yangisidan atigi 600 metr masofada joylashgan. Dahmadan fir’avn qizining jasadi topilgan. Ameni Kemau sulolaning beshinchi fir’avni bo‘lib, Misrning katta qismini atigi ikki yil (eramizdan avvalgi 1793-yildan 1791-yilgacha) boshqargan.

Marokashdan Homo Sapiens’ning eng qadimiy qoldiqlari topilgan. Ixtiro haqida 2017-yilning yozida ma’lum bo‘ldi. Tadqiqotchilar uch nafar katta kishi, bir o‘smir va bir bolaning jasadlari yoshi 300 ming yildan ortiq ekanligini ta’kidladi. Bu topilma Homo Sapiens avval taxmin qilinganidan kamida 100 ming yil avval paydo bo‘lganligini anglatadi.

1656-yilda 65 yoshida vafot etgan zodagon ayol Luiza de Kuyengo qabridan besh kishi, jumladan, erining yuragi topildi. Tussen de Perriyen undan yetti yil avval vafot etgan. Erkakning yuragi uning jasadidan chiqarib olingan va dastlab himoya g‘ilofiga, so‘ng rafiqasining qabriga joylangan. U Renne (Fransiya) monastiriga dafn etilgan. Erkak rafiqasidan 201 kilometr masofada dafn etilgan. Uning qabri hozircha topilmagan, biroq Luiza jasadi holatiga qarab, uning yuragi turmush o‘rtog‘i qabrida ekanligi haqida xulosa qilish mumkin.

Gretsiyaning Pilos shahrida 3500 yillik qimmatbaho tosh topildi. Unga o‘ldirilgan dushmani ustida g‘olibona turgan jangchi o‘yib tushirilgan. Surat detallari shunchalik murakkabki, uni o‘rganish uchun mikroskop talab etiladi. Artefakt 2015-yilda topilgan, biroq u 2017-yilga kelibgina o‘rganilgan.

Turkiyadan topilgan sopol taxtacha 4 ming yillik nikoh shartnomasi ekanligi ma’lum bo‘ldi. Ossuriya yozuvida bitilgan shartnoma rafiqasi bepusht bo‘lgan taqdirda oila boshlig‘i uchun yo‘riqnomani ko‘zda tutgan. Erkak surrogat ona sifatida qul ayoldan foydalanishi lozim bo‘lgan.

Arxeologlar Gruziya hududidan qadimiy odamlarning 8 ming yillik izlarini topdi. Jumladan, vino kislotasi qoldiqlari bo‘lgan idishlar topildi. Bu dunyodagi eng qadimgi vinodir: bundan avvalgi arxeologik topilmalar vino 7 ming yil avval ishlab chiqarila boshlanganidan guvohlik bergan.

Olimlar neandertallar bosh suyagi tish toshi DNKsidan neandertallar tibbiyoti ibtidosini aniqladi. Ular antibiotiklar (maxsus mog‘orni qo‘llab) va aspirinni (u ham o‘simlik shaklida) qo‘llay olganligi aniqlandi.

12,7 santimetrga 8,8 santimetrlik sopol taxtachada yoshi 3700 yillik Bobil trigonometriyasi aniqlandi. U janubiy Iroqda 1900-yillar boshida topilgan. Taxtacha mixxat yozuvida bitilgan to‘rt ustun va 15 qator raqamlardan iborat. Olimlarning fikricha, topilma nafaqat matematikaning zamonaviy tadqiqotlari, balki zamonaviy ta’lim uchun ham yangi imkoniyatlarni ochadi.