Trio “aqlli” brasleti bir qator datchiklar bilan jihozlangan bo‘lib, u odamning EKGsini, yurak ritmi va arterial bosim ko‘rsatkichlarini yozib boradi. Ushbu ma’lumotlar odamning stressini, jismoniy va ruhiy horg‘inligini va boshqa muammolarini aniqlashda kerak bo‘ladi. Endilikda odamlar o‘z sog‘ligini smartfon dasturi orqali kuzatishlari mumkin, deb xabar berdi Hi-Tech.Mail.Ru.

Foto: Hi-Tech.Mail.Ru

Braslet o‘z egasining tushkunlik darajasi oshganligini payqab qolsa, nafas olishni ma’lum bir ritmga soluvchi, odamning tinchlanishiga yordam beradigan qo‘llanma dasturini ishga tushiradi. Shuningdek, braslet ushbu sxemadan uyquga yotishdan oldin foydalanishni tavsiya qiladi, bu yaxshi uxlash va tetik uyg‘onishga yordam beradi.

Trio odatdagi fitnes-brasletlar kabi ishlaydi. U mashg‘ulotlar natijasini yozib boradi: vaqt, samaradorlik va “yoqilgan” kaloriyalar miqdori. Bluetooth orqali smartfonga ulanganida brasletdan ma’lumotlar qabul qilish mumkin. Qurilmaning akkumulyatori 4—5 ish kuniga bemalol yetadi.

Braslet 2018-yilning mart oyidan boshlab savdoga chiqariladi, biroq uni hozirdan 39 dollar evaziga buyurtma qilish mumkin.