O‘zbekiston futbolidagi eng katta illatlardan biri — futbolchilar yoshini kichiklashtirish, hujjatlarni qalbakilashtirish ishlari bilan endi Adliya vazirligi mashg‘ul bo‘ladi. Bu haqda O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonov “Gazeta.uz” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

Foto: “Tafsilot.uz”

Umid Ahmadjonov futbolchilar qancha pul topishiga va xorijga nega aynan Shodiyev bilan borishiga oydinlik kiritdi

Yoshini kichiklashtirish masalasida ish olib borgan, hujjatlarini qalbakilashtirgan futbolchilar masalasini Adliya vazirligiga qoldirdik. Nega shu vaqtgacha 16—17 yoshli futbolchilar Jahon Chempionatida yaxshi o‘ynagan-u, keyin yo‘qolib qolgan? Chunki ko‘plab futbolchilar yoshini kichiklashtirgan. Tizim buzilgan.

Klublardagi 16 yoshli bolalarning soqollari o‘sib turibdi. Bunday holatlar ko‘p, masalaga aniqlikni Adliya vazirligi kiritib beradi. Yoshlar orasidagi natijalarning yaxshi ekani shu vaqtgacha futbolchilar yoshidagi yolg‘on ko‘rsatkichlardan kelib chiqdi. 18 yoshli futbolchini 16 yoshlilar orasiga qo‘shib kelishgan.

Umid Ahmadjonov, O‘FF prezidenti

Ilyos Zeytullayev yoshi 5 yilga emas, 2 yilga kichraytirilganini aytdi

Foto: “Championat.asia”

Umid Ahmadjonov: Samvel Babayan xalqni aldab yurgan. Uning asosiy maqsadi futbolchilarni chetga sotish edi

Tashkilot prezidentining so‘zlariga ko‘ra, futbolda tartib bo‘lmagunicha, natijaga erishib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham kelasi mavsumdan hech kim ayab o‘tirilmaydi va jazolar kuchaytiriladi.

Lobanovning ishi bo‘yicha biz “Paxtakor”ni 50, “Nasaf”ni 100 million so‘m jarimaga tortdik. Nega “Paxtakor”da jarima kamroq deyishlari mumkin. Chunki ular mehmonda to‘p surgandi. Men har daqiqa bo‘ralab so‘kiladigan stadionga hech qachon qizimni olib borolmasdim. Mana bizda madaniyat qanday! Nega ayollar futbol uchrashuvlariga bora olmasliklari kerak?

Agar bu kabi vaziyatlar yana takrorlansa, kelasi mavsum jarimani 500 millionga qadar oshiramiz. Bu ishlarning hammasi klublar uyg‘onishi, o‘zining rivojlanishi ustida ishlashi va muxlislar madaniyatini ko‘tarishga harakat qilishi uchundir.

Shuningdek, kelasi mavsumdan boshlab qizil kartochka olgan futbolchilarni jiddiy jarimalar kutadi. Oldin bunday bo‘lmagan. Ular avval natija ko‘rsatsin, pulini keyin oladi.

Umid Ahmadjonov, O‘FF prezidenti

Super Liganing barcha o‘yinlari jonli ko‘rsatilishi mumkin. O‘FF Sport-TV va UzReport bilan kelishuvga erishgan

Ma’lum bo‘lishicha, 2018-yilgi mavsumdan boshlab klublarning jismoniy tayyorgarligi masalasi bilan yengil atletika federatsiyasi vakillari shug‘ullanadi.

Biz yengil atletika federatsiyasidagilar bilan kelishdik, futbolchilarning jismoniy tayyorgarligi bo‘yicha ular ish olib boradi. Yaxshisi, yigitlar oz bo‘lsa-da uyg‘onsin. Taktika bo‘yicha bosh murabbiy ishlayversin, jismoniy tayyorgarlik masalasini esa yengil atetikachilarga qoldirsin. Milliy termaga chetdan murabbiy olib kelganimizda ham, jismoniy tomondan futbolchilarimizda nimadir borligi ko‘rinishi kerak.

Umid Ahmadjonov, O‘FF prezidenti

Foto: O‘FF

Xo‘sh, milliy termaga bosh murabbiy tayin qilish ishlari qachon yakuniga yetadi? 2018-yil O‘zbekiston terma jamoasi JCh—2018 yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan ikki terma bilan o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadi. Biroq murabbiyning o‘zidan darak yo‘q.

Biz ma’lum qilingan 9 nafar murabbiydan tashqari, termasini JChga olib chiqqan boshqa mutaxassislar bilan ham muzokara olib bormoqdamiz. Ular ayrim sabablarga ko‘ra o‘z jamoasidan ketish niyatida. Ularning iltimosiga ko‘ra, nomlarini hozir aytolmayman.

Ikki murabbiy bilan kelishuvga deyarli erishdik. Endi esa boshqa variantlar ustida ishlamoqdamiz. Biz taklif qilmoqchi bo‘lgan murabbiyni men yaxshi seleksioner mutaxassis sifatida ham bilaman.

FIFA prezidenti Janni Infantinoning sharofati bilan bizga Yevropa uchun yo‘l ochildi. Mavsum boshiga qadar 3 ta mamlakatga borishni rejalashtirganmiz. Qo‘shimchasiga, bosh murabbiylar malakasini oshirish uchun, ularni xorijiy kurslarga yuboramiz. Masalan, “Everton” futbol klubi bilan kelishuvga erishmoqchimiz. Ba’zi murabbiylar o‘yin vaqtida pista chaqib o‘tirishini jim kuzatib turolmaymiz.

Umid Ahmadjonov, O‘FF prezidenti

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Eron va Marokashga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarida maydonga tushadi