“Uyda yolg‘iz” filmining ikkinchi qismi suratga olingan Nyu-Yorkning Plaza Hotel mehmonxonasi mehmonlarga “Kevin kabi yasha” xizmatidan foydalanishni va o‘zlarini film qahramonidek his qilishni taklif etmoqda, deb yozadi “Korrespondent.net”.

Foto: “Korrespondent.net”

Xizmat taxminan 895 dollarga tushadi. Bu pullar evaziga fotokabinada suratga tushish, xona ichida ulkan muzqaymoq yeyish, esdalik sovg‘alari olish va komediyaning beshta qismidan iborat disklarning eksklyuziv kolleksiyasiga ega bo‘lish mumkin.

Bundan tashqari, 1990-yillarga xos bo‘lgan, o‘sha davrda o‘sgan bolalarning sevimli yeguliklaridan iborat maxsus taomnoma tayyorlangan.

Qo‘shimcha ravishda Empire State Building osmono‘par binosining 86-qavatidagi tomosha maydoniga kirish chiptasi, limuzinda Kevinning yo‘nalishi bo‘yicha shahar bo‘ylab sayr, Wollman Rink yaxmalagiga chipta, shuningdek, shaxsiy fotosuratchini buyurtma qilish mumkin.

Mehmonxona ushbu taklifni filmning 25 yilligiga bag‘ishladi.