2017-yil kashfiyotlar yili: NASA ko‘p martalik raketalarni qo‘llay boshladi, saratonni shaxsiy qon tanachalari yordamida davolash usuli kashf etildi, olimlar Yerning yo‘qotilgan sakkizinchi qit’asini topdi. InsiderPro yakun topayotgan yilning eng g‘aroyib ilmiy topilmalari bilan bo‘lishdi.

32 olimdan iborat xalqaro guruh Tinch okeani janubiy qismida yangi qit’a topdi

Foto: InsiderPro

Zelandiya suv osti qit’asi Yangi Zelandiya va Yangi Kaledoniya oralig‘ida joylashgan.

U har doim suv ostida bo‘lmagan, olimlar qachonlardir unda mavjud bo‘lgan o‘simliklar va hayvonlarning tosh qotgan qoldiqlarini topdi. Ba’zilar uni qolgan yettita qit’a bilan bir qatorda alohida qit’a deb hisoblash lozim degan fikrda.

Olimlar hayotning sun’iy shaklini yaratishga juda yaqinlashdi

Foto: InsiderPro

Tirik mavjudotlar DNKsi ikki aminokislotalar jufti: A-T (adenin-timin) va G-C (guanin-sitozin)dan iborat. Mazkur to‘rt aminokislota hayotimizdagi barcha genetik axborot asosini tashkil etadi.

Olimlar ikki yangi komponent, tabiatda mavjud bo‘lmagan aminokislotalar jufti X-Y’ni sintez yo‘li bilan hosil qildi. Noyabr oyida ular sun’iy komponentlar tabiiylari bilan birgalikda DNK bakteriyasida tizilayotganligini namoyish etdi.

Kaliforniyadagi Skripps tadqiqot institutida olimlar guruhiga yetakchilik qiluvchi Floyd Romesburg yangi ixtiro xastaliklarni davolash usullarini yaxshilash imkonini berishini ta’kidlaydi. Masalan, u dori vositalari faolligini uzoqroq saqlashga yordam berib, organizmda oqsillar parchalanishini o‘zgartirishi mumkin.

Olimlar fazoda oltin va platina hosil bo‘lishiga guvoh bo‘ldi

Illyustratsiya. Foto: InsiderPro

Ikki neytronli yulduzning Yerdan 130 million yorug‘lik yiliga teng masofada to‘qnashishi natijasida kosmosga 100 oktillion dollarlik (29 nolli birlik) oltin otilib chiqdi. Shuningdek, platina va kumushning favqulodda hajmi sintez qilindi.

Astronomlar ikki neytronli yulduzning birlashishiga ilk bor “tirik” guvoh bo‘ldi.  Olimlarning so‘zlariga qaraganda, bu kabi hodisalar juda kamdan-kam — taxminan 100 ming yilda bir marta yuz beradi.

Olimlar Xeops piramidasi ichida maxfiy xona topdi

Foto: InsiderPro

Tadqiqotchilar Myuon skanerlash inqilobiy usuli yordamida Xeops piramidasi ichida 30 metrlik bo‘shliqni aniqladi. Olimlar million tonna toshlar orqali piramida ichiga nazar tashlash uchun maxsus detektorlardan foydalandi. Ular ichkarida haqiqatda xona borligiga “99,99 foiz”ga ishonch hosil qildi, biroq u nimaga mo‘ljallanganligini aniqlashga qiynalmoqda.

Bemorlar saratonga qarshi shaxsiy qon tanachalari yordamida kurashishni o‘rgandi

Foto: InsiderPro

CAR T-hujayra terapiyasi — onkologik davolashning mutlaqo yangi usuli. Bemordan T-limfotsitlar olinib, ma’lum bir usulda modifikatsiya qilinadi va saraton hujayralariga qarshi kurashish uchun organizmga qaytariladi.

Avgustda AQSh Sanitar nazorat bo‘yicha boshqarmasi Novartis’ning Kymriah dori vositasini ma’qulladi. U bolalardagi o‘tkir limfoblast leykoziga qarshi kurashishda immun tizimidan foydalanadi. Biroq davolash juda qimmat — bir bemor uchun 475 ming dollar turadi.

Olimlar sayyora muz qoplami ayanchli holatining yana bir daliliga ega bo‘ldi

Foto: InsiderPro

Iyul oyida og‘irligi 1 trillion tonnadan ortiq, o‘lchami 100 kilometrdan ortiq muz bo‘lagi Antarktikadagi Larsen C shelf muzligidan ajralib chiqib shimolga ko‘cha boshladi. Bu kuzatuvlar tarixida kattaligi bo‘yicha uchinchi o‘rinda turuvchi aysbergdir.

NASA yashash uchun yaroqli yettita sayyorani aniqladi

Foto: InsiderPro

Kashf etilgan sayyoralar TRAPPIST-1 yulduzi atrofida aylanadi. Ulardan kamida oltitasi Yernikiga o‘xshash toshloq yuzaga ega. Olimlar so‘zlariga qaraganda, ekzosayyoralar yashash mumkin bo‘lgan hududda joylashgan. Ularda juda issiq ham, juda sovuq ham emas — harorat yashash uchun mos keladi. Bundan tashqari, ular Yerdan uncha uzoqda joylashmagan — bor-yo‘g‘i 40 yorug‘lik yiliga teng masofada.

Saturn va uning sun’iy yo‘ldoshlarini 13 yil davomida tadqiq qilgan kosmik apparat buyuk missiyasini yakunladi va sayyora atmosferasida yonib ketdi

Saturn tizimining Kassini bortidan ko‘rinishi. Foto: InsiderPro

Gaz gigantining atmosferasiga halokatli sho‘ng‘ishdan avval zond Saturnning yangi rakurslardan noyob suratlarini uzatdi.

Kosmosdagi 13 yillik muvaffaqiyatli ishdan so‘ng Kassini’ning oxirgi missiyasi Saturnning oylaridan biri — Titanni suratga olishdan boshlandi. Shundan so‘ng Kassini sayyora atmosferasi va uning halqalari orasidan uchib o‘tdi (bu shu paytgacha amalga oshirilmagan).

Intensiv terapiya bo‘limidagi chaqaloqlar o‘z skanerlash mashinasiga ega bo‘ldi

Foto: InsiderPro

Yuqori xafvsizligi tufayli Embrace neonatal MRT-tizimi muddatidan avval tug‘ilgan bolalar palatalariga joylashtirish  uchun ma’qul deb topildi.

Unda suratga tushirishdan avval chaqaloqlar maxsus kostyumga joylanadi, boshiga ega shovqinga qarshi qalpoq kiydiriladi. Shundan so‘ng shifokorlar ularning ahvoli haqida ma’lumot to‘plashi uchun apparat ichiga joylashtiriladi. Palatadagi mitti bemorlar kuchli magnit va nurlanish ta’siridan tashvishlanmasligi mumkin.

SpaceX ko‘p martalik raketa tezlatkichini sinovdan o‘tkazdi

Foto: InsiderPro

Odatda tezlatkich ko‘p pog‘onali raketaning eng qimmat qismi hisoblanadi. Ular bir marta qo‘llangandan so‘ng odatda okeanga yoki Yerga qulaydi.

Biroq SpaceX bosh direktori Ilon Mask Falcon 9 va Falcon Heavy ko‘p martalik tizimlarini ishlab chiqish maqsadini qo‘ydi. Ular har bir parvozda 18 million dollargacha tejash imkonini beradi.

Joriy yilning 30-martida Falcon 9 raketasi sun’iy yo‘ldoshni orbitaga chiqardi, shundan so‘ng uning tezlatkichi atmosferaga qaytib, Atlantika okeanidagi platformaga qo‘ndi.

Olimlar insonga cho‘chqa organlarini transplantatsiya qilishga juda yaqinlashdi

Foto: InsiderPro

Tadqiqotlar muvaffaqiyatli yakunlansa, AQShda transplantatsiyani kutayotgan 118 mingdan ortiq bemor cho‘chqaning ba’zi organlarini olishi mumkin.

Avgustda Kembrijning eGenesis biotexnologik startapi olimlar CRISPR genlarni tahrirlash usuli yordamida inson uchun xavfli viruslar tashuvchisi bo‘lmagan cho‘chqalar turini yetishtirishga erishganligini ma’lum qildi. Bu shu paytga qadar cho‘chqa organlarini xavfsiz ko‘chirish uchun asosiy to‘siq edi.

Xitoylik olimlar dunyodagi ilk kvant teleportatsiyasini amalga oshirdi

Foto: InsiderPro

Xitoylik olimlar joriy yilda ilk bor yerdan oynalar va lazerlar yordamida fotonlarni tashqi kosmosga teleportatsiya qilishga erishdi. Tajriba kvant fizikasida ulkan yutuq bo‘ldi, olimlar yangi texnologiya butun dunyo bo‘yicha energiya va axborot ko‘chish usullarini to‘liq o‘zgartirishi mumkinligini ta’kidlamoqda.