Bristol universiteti olimlarining ma’lum qilishicha, ortiqcha vaznga ega bo‘lgan kishilar saraton, qandli diabet va yurak-qon tomir kasalliklarining ehtimoliy xavfiga qaramasdan, o‘zini ko‘pincha baxtli hisoblaydi. Bu haqda The Independent xabar berdi.

Foto: The Independent

Mutaxassislar Buyuk Britaniyaning Biobank repozitori ma’lumotlaridan foydalangan. Mazkur bazada yoshi 40—70 da bo‘lgan besh yuz ming nafar erkak va ayolning genotipi va fenotipi saqlanadi. Ular 2007-yilda boshlangan keng qamrovli tadqiqotda ishtirok etgan. Olimlar tana vazni indeksi hamda fizik va ruhiy sog‘lik holati o‘rtasidagi aloqani aniqlagan.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, tana vazni indeksi yuqori bo‘lganlar yuqori qon bosimi va qandli diabetdan aziyat chekadi, ulardagi jinsiy yetilish esa vaqtliroq yuz beradi. Biroq ortiqcha vaznli kishilar tushkunliklarga kamroq tushishini va hayotidan mamnunligini ma’lum qilgan. Mutaxassislarning fikricha, bu odamlar hayot muammolariga chidamli bo‘lish uchun vazni kamroq odamlarga qaraganda ko‘proq ozuqa moddalari va vitaminlar oladi.