25-dekabr kuni Bishkekda Qirg‘izistonda ishlab chiqarilishi taklif etilayotgan Isuzu rusumidagi avtobuslar va Ravon rusumidagi avtomobillar taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb yozadi KNews.

Foto: KNews

Qirg‘iziston Investitsiyalarni ilgari surish va himoya qilish agentligi direktori va “O‘zavtosanoat” AK rahbariyati mashinasozlik sohasida Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida erishilgan kelishuvlar, shuningdek, ularni amalga oshirish rejalari haqida gapirib berdi.

“Tomonlar, shuningdek, sanoatni, shu jumladan avtomobil sanoatini rivojlantirish davlat siyosatining birlamchi vazifalaridan biri ekanligini, chunki ko‘p sonli ish o‘rinlarini yaratish, eksportni rivojlantirish va mamlakat imijini xalqaro hamjamiyat nigohida ko‘tarishga xizmat qilishini ta’kidladi. Shu bilan birga, o‘zbekistonlik hamkasblarimizning avtomobil sanoatini yaratish va rivojlantirish bo‘yicha ancha katta tajribasini hamda ikki mamlakat o‘rtasida tajriba ayirboshlash niyatini hisobga olish muhim”, — deyiladi Qirg‘iziston Investitsiyalarni ilgari surish va himoya qilish agentligi xabarida.