Gadjetlar va texnologiyalar dunyosida hammasi ajoyibdek ko‘rinishi mumkin: uzluksiz innovatsiya va investitsiyalar... Aslida esa ulkan muvaffaqiyatsizliklar ham yetarli. “Hi-Tech Mail.Ru” texnologiyalar dunyosining 2017-yilgi eng qayg‘uli hodisalarini to‘pladi.

iPhone X fonida “eski smartfon” — iPhone 8 past sotuv hajmi 

Apple iPhone 8 ni nima uchun chiqarganini hozirgacha ko‘pchilik tushunmaydi. iPhone 8 va iPhone 8 Plus 2014-yillar iPhone 6 larining aynan o‘zginasi, faqat kuchliroq va kamerasi ham yaxshiroq.

Chapdan o‘ngga: iPhone 8, iPhone X, iPhone 7 Plus. Foto: “Hi-Tech Mail.Ru”

Odamlar 6S va “yettilik”larni xarid qilishi sababi kupertinolik bolalar boshqa hech narsa taklif qilmaganligidir. Biroq 2017-yilda hamma inqilobni kutdi. Haqiqatda yangi va texnologik iPhone X’ning yaqin vaqt ichida chiqishi fonida vaziyat kuchli o‘zgardi.

Natijada iPhone 8 sotila boshlagan kunda Apple Store’da an’anaviy navbatlar yuzaga kelmadi. Umuman olganda, “sakkizlik”ka talab kutilganidan ancha past bo‘ldi. Kimdir yana bir yil iPhone 7 bilan yashashni afzal ko‘rgan bo‘lsa, haqiqiy fanatlar iPhone X ni kutishga qaror qildi.

Eng befoyda ovozli yordamchi — Samsung Bixby

Apple va Google ovozli yordamchilar chiqarganiga ancha yil bo‘ldi. Dunyo bo‘yicha o‘nlab million odamlar ulardan foydalanadi va ular haqiqatda foyda keltira oladi.

Foto: Cnet

Samsung esa ovozli yordamchini juda kech — 2017-yilda chiqardi va u Bixby nomini oldi. U Galaxy S8 va S8+ smartfonlari bilan bir paytda chiqdi. Smartfonlarda u uchun hatto alohida tugma ajratilgan!

Biroq Bixby hamon ommalashmadi. Uning funksiyalari oz, aqlli emas va faqat uch tilda: koreys, xitoy va ingliz tillaridagi versiyaga ega. Samsung ancha ilgarilab ketgan raqobatchilariga yetishi endi qiyindek.

Yo‘qotilgan millionlab dollarlar — CoinDash va NiceHash

Yakunlanayotgan 2017-yil — kriptovalyuta shov-shuvlari yili. Katta pullar atrofida doim firibgarlar izg‘iydi. Ayniqsa, bozor hech kim tomonidan tartibga solinmaganda. Yilning asosiy kriptovalyuta luzerlari — CoinDash va NiceHash.

Foto: “Hi-Tech Mail.Ru”

Singapurning CoinDash startapi kriptovalyuta loyihalariga investitsiya kiritish maydonchasi pozitsiyasini egalladi. ICO (pulni dastlabki joylashtirish) da foydalanuvchilar kriptovalyutadagi mablag‘larni kiritadigan CoinDash manzilini kimdir o‘zgartirib qo‘ygunga qadar hammasi yaxshi edi. Oqibatda 7,5 million dollardan ortiq mablag‘ noma’lum yo‘nalishga o‘tkazildi. Startap asoschilari manzil buzilganligini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, aksariyat foydalanuvchilar manzilni ayyor singapurliklarning o‘zi buzib qo‘ygan degan fikrda.

NiceHash maydonchasi ham bir necha yil ichida yaxshi obro‘ qozondi, biroq 6-dekabrda kutilmaganda ishlamay qoldi. Biroz keyinroq uning egalari foydalanuvchilarning ichki hamyonlari buzilganligi va ulardagi 70 million dollarga yaqin mablag‘ (bitkoinlarda) yo‘qolganligini ma’lum qildi. Servis faoliyati ikki haftadan so‘ng qayta tiklandi.

700 dollarlik foydasiz sharbatsiqqich — Juicero

Maxsus paketlardan sharbat siquvchi Juicero startapi bilan mevalarni xarid qilish, yuvish va kesish, keyin sharbatsiqqichning o‘zini ham yuvish kerak emas. Paketlar oldindan meva sharbati bilan to‘ldirilgan.

Foto: Ars Technica

Ish sotishga kelganda paketlardan sharbatni qo‘l bilan siqish mumkinligi va bu Juicero’nikidan sifatliroq bo‘lishi ma’lum bo‘ldi. Taqqoslash sinovlaridan birida odam 1,5 daqiqada 213 gramm sharbat, sharbatsiqqich esa 2 daqiqada 227 gramm sharbat siqishga erishdi.

Startap tezda yopilganligi hayratlanarli emas. Foydalanuvchilar 700 dollarlik foydasiz gadjetlar bilan qoldi, investorlar esa 120 million dollarni yo‘qotdi.

Jawbone’ning yopilishi — 3,3 milliard dollardan nolgacha

Jawbone kompaniyasi — taqib yuriluvchi gadjetlar bozori pionerlaridan biri. Uning kapitali 2014-yilning fevralida 3,3 milliard dollarga baholangan edi. Shundan so‘ng muammolar boshlandi.

Foto: “Hi-Tech Mail.Ru”

Dastlab Jawbone Fitbit bilan raqobatga dosh bera olmadi. Keyin Apple o‘z aqlli soatlarini chiqardi va do‘konlarida Jawbone gadjetlarini sotishni to‘xtatdi.

Qulash shov-shuvli bo‘ldi: sud tortishuvlari, dastlab maoshlar, keyin xodimlarni qisqartirish. Biznesni sotishga muvaffaqiyatsiz urinishlardan so‘ng 2017-yilning yozida istiqbolli kompaniya sekin yopildi.

Eng bema’ni ijtimoiy tarmoq — Nimses

Yanvarda paydo bo‘lgan Nimses ijtimoiy tarmog‘ini “Yilning eng virusli startapi” deb nomlashdi. Ukrainalik ishlab chiqaruvchilar internetga sarflaydigan vaqtimizdan foyda keltirishni o‘ylab topdi.

G‘oya quyidagicha edi: unga qancha ko‘p vaqt sarflasang, u sening virtual hisobingga shuncha ko‘p “nim” o‘tkazadi. Shundan so‘ng ular bilan boshqa ishtirokchilar uchun “layk”lar, postlar yaratish, keyinchalik yanada foydaliroq narsalar, masalan, yaqinroq kafedagi qahva uchun to‘lov amalga oshirish mumkin edi.

Loyiha onlayn chegaradan tashqariga chiqmadi. Ichki valyutani ma’niliroq narsaga sarflash imkoniyatining yo‘qligi o‘z natijasini ko‘rsatdi. Sentabrga kelib qachonlardir ommabop loyiha haqida hamma unutdi.

Hech kimga kerak bo‘lmagan smartfonning qaytishi — YotaPhone 3

“Arzon smartfonni olib, unga E-Ink ekran qo‘shamiz va katta pulga sotamiz”. Bu YotaPhone’ning birinchi ishlab chiqaruvchilari g‘oyasi edi.

O‘ylangan ish amalga oshirildi, biroq gadjet kutilgan natijani bermadi. “Bozor hali bu kabi innovatsiyalarga tayyor emas”, — degan xulosaga kelgan ishlab chiqaruvchilar bir yildan so‘ng YotaPhone 2 ni chiqardi. Biroq u ham qayg‘uli natija keltirdi.

Foto: “Hi-Tech Mail.Ru”

Shundan so‘ng kompaniya aksiyalarini xitoyliklar xarid qildi va 2017-yilda navbatdagi YotaPhone 3 chiqdi. Innovatsiya yana muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Xiaomi Mi Mix 2 romlari — kutilgan holat va reallik

Dastlab Xiaomi vakillari go‘yoki romsiz Mi Mix 2 ning renderlarini namoyish etdi. Ularda smartfonning ust va yon qismlarida haqiqatan ham rom yo‘qdek ko‘rinadi.

Foto: “Hi-Tech Mail.Ru”

Shundan so‘ng u Samsung Galaxy S8 va iPhone X bilan taqqoslandi.

Smartfon namoyish etiladigan hududga yetib borgan jurnalistlar kutilgan holat reallikdan qanchalik yiroqligidan hayratga tushdi. Mi Mix 2 ning yon va ustki qismlarida romlar borligi va ular promo-kartinkalardagiga qaraganda ancha qalin ekanligi ma’lum bo‘ldi.

LeEco muvaffaqiyatsizligi

Barchasi afsonaviy bo‘lishi kerak edi! Xitoyning LeEco kompaniyasi LeTV telekommunikatsion servisidan boshlangan. Uning 800 million (!) kishidan iborat har oylik auditoriyasi va ajoyib Android-televizorlari bor edi.

Foto: LeEco kompaniyasi asoschisi Szya Yuetin. AP

Keyin gadjetlarning butun ekotizimini yaratish va Amerika bozoriga ekspansiya qilish g‘oyasi paydo bo‘ldi. LeEco ofis qurish uchun Kremniy vodiysidan 250 million dollarga yer xarid qildi va 12 ming xodimni ishga yolladi. Kutilmaganda xitoycha yondashuv Shtatlarda ish bermasligi ayon bo‘ldi.

Ular o‘z kuchini hisobga olmadi va katta qarzdorliklar ichida qoldi. 2017-yilning qayg‘uli yakuni: kompaniya asoschisi Szya Yuetin oilasi barcha a’zolarining hisoblari xatlandi.

Biz ko‘rmaydigan hashamatli elektrokarlar — Faraday Future

LeEco’ning ortidan uning sho‘ba korxonasi — Faraday Future elektromobillari ham muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Ularga kiritilgan katta mablag‘lar Xitoy sobiq gigantining moliyaviy muammolariga o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi.

Foto: AP

Kompaniya birgina Las-Vegasdagi ishlab chiqarish maydonchasi qurilishi uchun milliardlab dollar ajratishni rejalashtirgan edi. Oqibatda qurilish 2016-yil oxirida muzlatib qo‘yildi, yettita turli mashina chiqarish bo‘yicha dastlabki reja esa ikkitagacha kamaydi.

Hatto bu avtomobillarning ham seriyali ishlab chiqarishga tushish imkoniyati juda kam. Oktabrdan noyabrga qadar Faraday Future’ni besh asosiy top-menejeridan uch nafari tark etdi, dekabr boshida esa bosh dizayneri ham ketdi.