Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Oliy Ligasining 2017-yilgi mavsumida 1 ta ham gol ura olmagan hujumchilar bor, deb yozdi “Championat.asia” nashri.

Super Liga futbolchilari O‘FF joriy qilgan normativdan o‘ta olmayapti. Ko‘rsatkichlar juda past

Har qanday hujumchining saviyasi va bahosi urgan gollari sonidan kelib chiqadi. Hujumchi qancha harakat qilmasin, himoyaga qaytib, jamoadoshlariga yordam bermasin, o‘zining asosiy ishi — gol urishni kanda qilsa, tanqidlar ostida qolaveradi, deb yozilgan maqolada bir qator hujumchilar nomi keltirib o‘tilgan.

Alisher Shog‘ulomov

Foto: “Championat.asia”

Mazkur futbolchi avval “Buxoro” safida 12 ta o‘yinda maydonga tushib, gol ura olmadi. Keyin esa omadini Farg‘onaning “Neftchi” klubidan izladi. Vadim Abramov unga 11 ta o‘yinda imkoniyat bersa-da, gol kiritilmadi.

Viktor Klishin

Foto: “Championat.asia”

Bu hujumchining ishi yanada tushunarsiz. U “Olmaliq” safida 20 ta bellashuvda ishtirok etib, 1 ta ham gol urmadi. So‘nggi bor 2012-yilning 5-turida gol urganidan buyon, “ta’tilga chiqqan”.

Doniyor Usmonov

Foto: “Championat.asia”

Usmonov so‘nggi bor 2015-yilning 28-turida gol urgan ekan. 2017-yil “Olmaliq” uni 4 ta o‘yinda maydonga tushirib, ketkazib yuborgan. Keyin “Navbahor” Doniyorga 11 ta o‘yinda imkoniyat bergan. Natija esa “0” ga teng.

Pavel Solomin

Foto: “Championat.asia”

Oliy Ligadan chetlashtirilgan “Obod” sharafini 14 ta o‘yinda himoya qilgan tajribali hujumchi, 1 ta ham gol ura olmagan. U so‘nggi bor 2016-yil “Paxtakor” darvozasini ishg‘ol qilgandi.

Otabek Isroilov

Foto: “Championat.asia”

“Qizilqum”da 8 ta, “Neftchi”da 6 ta o‘yin o‘tkazgan Isroilovda ham gol yo‘q. Vadim Abramov 2-davra “Neftchi”ga gol ura olmayotgan hujumchilarni nega jalb qilgani tushunarsiz.

Maradona Safarov

Foto: “Championat.asia”

“Mash’al” safida 4 ta, “Sho‘rtan”da 10 ta o‘yin o‘tkazgan Safarovda ham gol yo‘q. Uning ismi kimga havas bilan qo‘yilganini siz yaxshi bilasiz.

Doniyor Ismoilov

Foto: “Championat.asia”

Mazkur hujumchi Samarqandning “Dinamo” klubi safida 13 ta bellashuv o‘tkazdi. Biroq bu o‘yinlar gol urishi uchun kamlik qildi.

Farhod Tojiyev

Foto: “Championat.asia”

“Dinamo” safiga tajribali hujumchi ekani sabab borib qo‘shilgan Tojiyevlarning kichigi 12 ta o‘yinda ham gol ura olmagan. O‘z vaqtida u O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida xet-trik qayd eta olgan futbochlidir. Faoliyatining so‘nggi yillarini Malayziyada o‘tkazayotgandi. Oliy Ligadagi so‘nggi mavsumi esa omadsiz kechdi.