O‘zbekiston futboliga javobgar shaxs bo‘lganiga 100 kun to‘lishi munosabati bilan bilan Umid Ahmadjonov “Gazeta.uz” nashriga intervyu berdi. Bunda u bir qator muammolarga til tekkazib o‘tgan.

Foto: O‘FF

Jumladan, Ahmadjonov milliy chempionatning eski formati talabga javob bermasligi haqida aytib, futbolchilarda dam olish kunlari keragidan ko‘p bo‘lganini tanqid ostiga olgan.

16 ta jamoa ishtirok etadigan chempionatda bir nechta jamoagina, asosan, “Paxtakor”, “Lokomotiv” va “Bunyodkor” chempionlik uchun kurash olib borgan. Qolganlar esa 10 talikka kirib olsa, o‘zini bo‘shib qo‘yib yuravergan. Agar jamoalar kuchaymasa, milliy terma jamoa bugungidek kuchsiz bo‘lib qolaveradi. Endi esa raqobat paydo bo‘lishi kerak.

Shu vaqtgacha mavsumlar oralig‘idagi tanaffus 3 oylik bo‘shliqqa sabab bo‘ldi. Klublar futbolchilarga 10—20 kunlab ta’til beravergan. Qanday sport turida bo‘lmasin, mashg‘ulotlardan chekingan sportchi uch qadam orqaga ketaveradi. Oqibatda ko‘plab futbolchilar ortiqcha vazn muammosiga duch keldi. Ayrimlari hatto chilim chekib yuradi. Kelasi mavsumdan boshlab bu kabi holatlarga barham berishimiz kerak.

Umid Ahmadjonov, O‘FF prezidenti

Super Liganing yangi formatida 12 ta jamoa chempionlik uchun kurash olib boradi. Ular mavsum davomida 32 ta turda ishtirok etadi. Turlar va bosqichlar ko‘rinishi o‘zgaradi.

Yangi formatni takliflar asosida qabul qildik. Turlar va bosqichlar ancha o‘zgardi. Unga ko‘ra, klublar 32 tur uchrashuvida ishtirok etadi. Bungacha turlar orasidagi farq 6—7 kunni tashkil qilgan bo‘lsa, endi bo‘shliqlar qisqaradi. Nega futbolchilar bu kabi ko‘p dam olishi kerak?

Hozirgacha kelishilgan o‘yinlar masalasi ham kun tartibida bo‘lgandi. Yangi format bu kabi illatlar bo‘lmasligi yo‘lida navbatdagi qadamlardan biri bo‘ladi.

Pro-Ligada esa 24 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar to‘p suradi degan gaplar yo‘q. Yoshni chegaralamaymiz. Shunchaki, yosh futbolchilar ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishini istamoqdamiz. Chunki futbolimizda qisman zo‘ravonlik bor. Ayrim klublarda yoshi katta 2—3 futbolchi o‘zidan yoshroqlarga kun bermaydi. Viloyatdan kelgan yoshlar ularning ovqatini ham stoliga olib kelib berishi lozim. Bu haqda menga bir qator yosh futbolchilarning o‘zi aytib berdi.

Umid Ahmadjonov, O‘FF prezidenti

Tashkilot prezidenti normativlar nega joriy qilingani masalasini ham tushuntirishga harakat qilgan. Futbolchilarda aniq tartibning yo‘qligi sabab, ular o‘z ustida ishlashdan to‘xtab qolgan. Oqibatda, jismoniy tomondan oqsoqlanib yuravergan.

Normativlarni nega joriy qildik? To‘g‘ri, ba’zi futbolchilar biroz sekin harakat qilishi, ammo ajoyib paslar uzatishi mumkin. U maydonni yaxshi ko‘rishi, kuchli driblingga ega bo‘lishi ham katta ehtimol. Biroq qaysi sport turida bo‘lishidan qat’iy nazar, sportchida tezlik va tirishuvchanlik ham bo‘lishi shart.

Bizning futbolchilar 17:00 da mashg‘ulotga keladi. Nari borsa 1—1,5 soat shug‘ullangach, biri choyxonaga, boshqasi tug‘ilgan kunini nishonlash uchun restoranga yo‘l oladi. Uyga yarim tun qilib keladi va 3—4 larda uyquga ketadi. Keyin tushki 12 da uyg‘onadi. Normal kun tartibining o‘zi yo‘q.

Biz futbolchilarning jismoniy tayyorgarligi masalasini o‘rganib chiqdik, ular bor-yo‘g‘i 52 daqiqa yuqori saviyada futbol ko‘rsata oladi. Vaholanki, yaxshi futbolchi 120 daqiqa bir tekis o‘ynay olishi kerak. Shunday ekan, klublardagi mashg‘ulotlar masalasini ham reglamentga kiritamiz, jismoniy zo‘riqishlarni ikki karra oshiramiz. Chunki ko‘rdik, futbolchilar testdan juda yomon o‘tmoqda. Hatto ayrim hakamlarning natijasi futbolchilarimiznikidan yuqori ekaniga nima deysiz?

Umid Ahmadjonov, O‘FF prezidenti

Super Liga futbolchilari O‘FF joriy qilgan normativdan o‘ta olmayapti. Ko‘rsatkichlar juda past

Suhbatda bayon qilinishicha, Toshkent klublari kuchayib borgani bilan, ayrim viloyatlarda futbol tamom bo‘lavergan. Bu esa borib-borib, futbolchilar o‘rtasidagi raqobatga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan.

Qoraqalpog‘iston, Surxondaryo va Jizzaxda futbol o‘lik holatda. Bu hech kimni tashvishga solayotgani yo‘q. Viloyat hokimlari bir vaqtning o‘zida viloyat futbol federatsiyasiga ham rahbarlik qiladi. Shunday ekan, har bir viloyatda bizning talablarga javob bera oladigan klublar vujudga kelishini ta’minlashimiz kerak. Nega endi Qoraqalpog‘iston jamoasi Super Liga uchun harakat qilmasligi kerak? Nega endi faqat markazga e’tibor berib, chekka viloyatlarni unutishimiz kerak?

Agar ba’zi murabbiylar faoliyatini o‘rganib chiqsangiz, ular asosan o‘zi bilgan 15 futbolchi bilan mavsumni o‘tkazadi. 22—23 yoshdagi navqiron yigitlar esa zaxirada o‘tiraveradi. Klublarning o‘rtacha yoshi 30—32 ni tashkil qilmoqda. Axir Yevropada yosh futbolchilar 16—17 yoshidayoq katta klublar safida porlamoqda. Bizda esa 22 yoshida ham zaxiradan chiqa olmaydi. Qaytaraman, klublar oldinga qadam tashlamaguniga qadar, milliy terma jamoani kuchaytirib bo‘lmaydi.

Umid Ahmadjonov, O‘FF prezidenti

Umid Ahmadjonov: Vadim Abramov haqida yetarlicha ma’lumot to‘pladik. Uning kabilar o‘zbek futboliga kerak emas