Nissan GT-R va Mercedes-AMG GT R superkarlari dreg-poygada o‘zaro kuch sinashdi. Bellashuv videosi Britaniyaning CarWow nashri tomonidan YouTube’da e’lon qilindi.

Foto: “Motor”

Orqa uzatmali Mercedes-AMG GT R kupesiga 585 ot kuchiga ega, hajmi to‘rt litr bo‘lgan ikki turbinali V8 dvigatel o‘rnatiladi, u ikki ulagich (stsepleniye)li robotlashtirilgan, yetti bosqichli tezlik uzatish qutisi bilan hamohanglikda ishlaydi, deb yozadi “Motor”. Avtomobil atigi 3,6 soniya ichida soatiga 100 kilometrlik tezlikka erishadi, uning eng yuqori tezligi soatiga 318 kilometr bilan cheklab qo‘yilgan.

To‘liq uzatmali Nissan GT-R’ga esa 570 ot kuchili 3.8 V6 turbomotor va ikki ulagich, olti bosqichli “robot” quti o‘rnatiladi. Bu mashina soatiga 100 kilometrlik tezlikni 2,7 soniyada oladi, eng yuqori tezligi esa soatiga 315 kilometrni tashkil etadi.

Dreg-poygada har ikkala avtomobil finish chizig‘ini deyarli bir vaqtda bosib o‘tdi, faqat Mercedes 0,1 soniyaga ilgarilab ketdi. “Yurib turib” qo‘zg‘alish (uchinchi uzatmada, soatiga 80 kilometrlik tezlik bilan) testida ham, favqulodda to‘xtash (tormozlanish) sinovida ham Mercedes juda kichik farq bilan g‘olib chiqdi.