iPhone X egalari Face ID (yuzni tanib olish tizimi) yordamida oilaviy xaridlarni amalga oshirish iloji yo‘qligi haqida gapirib berdi, deb yozadi “RIA Novosti”.

Foto: “RIA Novosti”

Ars Technica xabariga ko‘ra, iPhone’ning avvalgi modellarida Touch ID (barmoq izini tanib olish tizimi) oilaviy xaridlarni tasdiqlash imkonini berardi. Ammo Apple’ning yangi qurilmasi egalari shikoyat qilishicha, ular, masalan, bolalari tomonidan boshqa qurilmadan amalga oshirilgan xaridlarni tasdiqlash uchun endi Apple ID parolini kiritishiga to‘g‘ri keladi, chunki buni iPhone X’da Touch ID o‘rnini egallagan Face ID yordamida amalga oshirishning iloji yo‘q.

Avvalroq Face ID telefon egasi 13 yoshdan kichik bo‘lsa, uning yuzini tanib olishda xatoliklarga yo‘l qo‘yishi ma’lum bo‘lgan edi. Bundan tashqari, foydalanuvchilar yuzni tanib olish tizimi egizaklarni farqlay olmasligini aytgan edi.