2020-yil Tokioda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiada bellashuvlari oldidan O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi turli sport turlarining xalqaro federatsiyalari rahbarlarini birin-ketin qabul qilishda davom etadi. Endigi navbat Xalqaro velosipedchilar ittifoqi prezidenti David Lapartyega yetib keldi.

Foto: MOQ

Toshkentga tashrifi davomida velodunyoning ayni vaqtdagi eng katta rahbariga Osiyo velosport konfederatsiyasi prezidenti Usama Ahmad Abdulloh Ash-Shafar hamrohlik qildi. Mehmonlar orasida, shuningdek, UCI xalqaro munosabatlar bo‘limi boshlig‘i Guillame Majoriye, UCI’ning shosse velosporti bo‘yicha komissiyasi a’zosi, Yevropa velosipedchilar ittifoqi vitse-prezidenti Aleksandr Gusyatnikov, UCI’ning xalqaro munosabatlar bo‘limi mutaxassisi, Ozarbayjon velosport federatsiyasi bosh kotibi Farhod Aliyev, Qozog‘iston velosport federatsiyasi bosh kotibi Tulpar Mansurov, ushbu federatsiya vitse-prezidenti, “Astana” sport klubi ijrochi direktori Amanbek Kulchikovlar joy olishgandi, deb yozdi MOQ matbuot xizmati.

Foto: MOQ

Mehmonlarni MOQ binosida tashkilot bosh kotibi Oybek Qosimov qarshi oldi. Muzokaralar zalida unga MOQ prezidenti Alisher Sultonov, Sport qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov hamda O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Kozim O‘rinboyxo‘jayev qo‘shildi.

Foto: MOQ

Rasmiy suhbat davomida o‘zbekistonliklar velosportni mamlakatda rivojlantirish uchun har qanday hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi. Shuningdek, O‘zbekistonda xalqaro musobaqalarni o‘tkazish uchun yaxshi sharoit bor ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Foto: MOQ

Olingan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston ketma-ket ikki yil davomida velosport bo‘yicha nufuzli musobaqaga mezbonlik qilishi mumkin. Rasmiy mehmonlar bilan uchrashuv davomida 2018-yilgi velotrek bo‘yicha Osiyo Kubogini hamda shosse yo‘nalishi bo‘yicha 2019-yilgi Osiyo Chempionatini O‘zbekistonda qabul qilish masalasi ko‘rib chiqilgan.

Foto: MOQ

Foto: MOQ