O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-dekabr kuni mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelgan Qirg‘iziston Jogorku Keneshi spikeri Dostonbek Jumabekovni qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, Qirg‘iziston parlamenti nufuzli delegatsiyasining tashrifi joriy yil Toshkent va Bishkek shaharlarida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi samarali uchrashuvlarning mantiqiy davomi ekanini alohida ta’kidladi. Shuningdek, bu davlatlar o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotganining yaqqol tasdig‘idir.
Tomonlarning amaliy hamkorlikni rivojlantirishga bo‘lgan qat’iy siyosiy irodasi, turli darajadagi aloqalar va tashriflar faollashgani qisqa muddatlarda salmoqli natijalarga erishish va o‘zaro munosabatlarni aniq amaliy mazmun bilan boyitish imkonini bergani alohida qayd etildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Qirg‘iziston parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Oliy darajadagi tashriflar chog‘ida erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlar, jumladan, O‘zbekiston Oliy Majlisi va Qirg‘iziston Jogorku Keneshi o‘rtasida imzolangan memorandumning amaliy ijrosi doirasida qo‘shma tadbirlar o‘tkazilayotgani qayd etildi.
Parlamentlararo hamkorlikning amaldagi mexanizmlari salohiyatidan foydalangan holda, muntazam va tizimli aloqalarni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Dostonbek Jumabekov Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul va mazmunli suhbat uchun minnatdorlik bildirdi.
Mehmon O‘zbekistonda barcha sohalar, jumladan, parlament va fuqarolik jamiyati o‘rnini mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tarkibiy o‘zgarish va islohotlarning yangi bosqichini yuksak baholadi.
Qirg‘iziston O‘zbekiston bilan do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash yo‘lidagi hamkorlikka tayyor ekani ta’kidlandi.
Izoh (0)