Instagram’dagi @shashki_tshk sahifasida 18-dekabr kuni Oliy Majlis binosi oldidagi tunnel bo‘ylab qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlangan avtomobil videosi e’lon qilindi. Video qoidabuzar avtomobil salonidan qo‘l telefoniga olingan.

Instagram’dagi sahifa mualliflari bu videoni “Kameralar bu qoidabuzarlikni ko‘rganmikin?”, degan izoh bilan e’lon qilgan. Videodagi holat @shashki_tshk sahifasida ham, keyinchalik Facebook’dagi “Voditeli Tashkenta (Drivers.uz)” guruhida ham foydalanuvchilar tomonidan keskin tanqid qilingan, qoralangan.

Videoda haydovchi avtomobilni qarama-qarshi qatnov qismi bo‘ylab boshqarib borayotgani, sheriklari uning bu harakatidan jazavaga tushib baqirayotganiga guvoh bo‘lish mumkin. Video oxirida haydovchi avtomobilni shu holda “Novza” metro bekatiga qadar haydab borish istagini bildirgan (yetib borganmi yoki yo‘q — noma’lum).

“Voditeli Tashkenta (Drivers.uz)”da e’lon qilingan video ostida 540 dan ziyod fikr qoldirilgan bo‘lib, ularning qariyb barchasida yigitlarning o‘zi ham, ularning bu qilmishi ham keskin tanqid qilingan. “Bundaylarning kasriga begunoh insonlar o‘lib ketadi. Ularni butun umrga haydovchilik huquqidan mahrum qilish kerak!”, — deb yozgan foydalanuvchilardan biri.

Bir qator foydalanuvchilar haydovchi va uning sheriklari mast etuvchi modda ta’sirida bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan. Ko‘pchilik avtomobil ichida bo‘lgan barchaning shaxsini aniqlab, ota-onalariga qo‘shib javobgarlikka tortish zarurligini qayd etgan.

Muhokamada qatnashgan foydalanuvchilardan birining so‘zlariga ko‘ra, bu yigitlar allaqachon qo‘lga olingan va 15 sutkalik ma’muriy qamoqqa joylashtirilgan (bu axborot hozircha rasman tasdiqlangani yo‘q).

Ma’lumot uchun, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-5-moddasiga muvofiq, haydovchining avariya holatini yuzaga keltirishi, yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga chiqishi eng kam ish haqining 10 baravari (21-dekabr holatiga ko‘ra — 1 722 400 so‘m) miqdorida jarima bilan jazolanadi.

Quyidagi holatlarda haydovchi 15 sutkagacha ma’muriy qamoq bilan jazolanishi mumkin:

  • militsiya xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik (xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa);
  • transport vositasini mast holda haydovchilik guvohnomasisiz boshqarish;
  • mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlash;
  • yo‘l-transport hodisasi yuz bergan joydan ketib qolish.