“Kommersant.uz” toshkentlik avtohavaskorning videoregistrator va “Yo‘l harakati qoidalari” kitobchasi yordamida yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining noqonuniy harakatlariga qarshi tura olish haqida bildirgan fikrlari bilan bo‘lishdi.

Foto: “Kommersant.uz”

Toshkentlik Stanislav Kapustin YouTube’da o‘z kanalini ochgan, unda YHXB xodimlari bilan bahslarini, jumladan, ularning noprofessional harakatlari isbotlari tushirilgan videoroliklarni qo‘yib boradi.

Kanalda videolar ko‘p emas, lekin Stanislavning so‘zlariga ko‘ra, shaxsiy arxivida bu kabi videolar ancha-muncha yig‘ilib qolgan – u roliklarni davlat organlari ochiqligiga va fuqarolar murojaatlari bilan ishlashning samaradorligiga ishonch hosil qilganidan keyingina e’lon qilishga ahd qilgan.

Stanislav fuqarolik sudida yutib chiqishga, noqonuniy yozilgan jarimani bekor qilishga va 500 ming so‘m miqdorida ma’naviy kompensatsiya olishga muvaffaq bo‘ldi.

“Ovozingni o‘chir va tek tur”

Stanislav Kapustin: “Meni butkul g‘azablantirgan voqea Samarqandda ro‘y berdi. Yo‘l inspeksiyasi xodimlari meni to‘xtatib, tekshirish uchun hujjatlarimni so‘radi. Qonun doirasida ish ko‘rib, men oldin ular o‘zlari hujjatlarini ko‘rsatishlarini so‘radim.

Bunga javoban ular meni mashinadan tortib tushirishdi, yukxonani ochib, avtomobilni tita boshlashdi. Atrofga 50 ga yaqin kishi yig‘ildi, ulardan yordam so‘ramoqchi bo‘lgandim, “Ovozingi o‘chir va tek tur” degan buyruqni eshitdim. Qarshilik qilish befoyda ekanligini tushundim va videosuratga ola boshladim.

Mashinadagi hamma narsani oyoq-ustun qilib, YHXB xodimi hujjatlarimni so‘radi – haydovchilik guvohnomasi, “texpasport” va sug‘urta taloni. Ikkinchi xodim shaxsimni tasdiqlash uchun pasportimni talab qildi. Men pasportim Toshkentda ekanligini, haydovchilik guvohnomasi shaxsni tasdiqlovchi kuchga ega hujjat ekanligini aytdim. Bu dalil bee’tibor qoldi. Meni inspektor mashinasiga o‘tkazdilar va uchastkaga olib ketdilar, avtomobilim esa o‘sha joyda qoldi.

Uchastkada meni qo‘lga olishlarida hozir bo‘lgan bir xodim telefonimni olib, undagi barcha videoyozuvlarni o‘chirib tashladi. 20 daqiqalardan keyin navbatchi menga hujjatlarni qaytarib berdi va ketishim mumkinligini aytdi. Meni qo‘lga olgan inspektorlarning ism-shariflarini aytish, mashinamgacha olib borib qo‘yish yoki kuzatib qo‘yish haqidagi iltimoslarim javobsiz qoldi – indamay eshikni yopib qo‘yishdi.

Bir amallab, o‘tkinchilardan so‘rab-surishtirib, mashinam qolib ketgan joyga yetib oldim. O‘shanda shaxsiy xavfsizligimni ta’minlash uchun videoregistrator olishga qaror qildim”.

Oxiri yo‘q bahslar

Bugungi kunda Stanislav bir vaqtning o‘zida bir qancha sud muhokamalarida qatnashmoqda. U yutib chiqqan ish “Razvodyat na skorost. Uzbekistan GAI DPS” nomli rolikda ko‘rsatilgan.

Voqea mart oyida, M-39 Toshkent – Samarqand trassasida, Jizzax viloyatida ro‘y berdi. 989-kilometrda haydovchi qoidalarni buzmay, Samarqand tomonga harakatlanardi. Shunda uni YHXB inspektori to‘xtatadi.

Sababi – go‘yoki u 3.24 “Yuqori tezlik cheklangan” belgisi talablarini buzgan ekan. Holbuki, ushbu belgi tagida 7.1.1. “Manzilgacha bo‘lgan masofa” (belgilangan yo‘lning xavfli joyigacha bo‘lgan masofani, yo‘l harakatiga tegishli cheklovlar kiritilgan joyni yoki harakat yo‘nalishi bo‘yicha oldindagi muayyan joyni ko‘rsatadi) ko‘rsatkichi bo‘lgan. Stanislavning so‘zlariga ko‘ra, ushbu belgilar birgalikda ta’sirga ega bo‘lmaydi, chunki u qayrilish belgisi (bu esa, yuqoridagi tezlikni cheklash belgisi amal qilishi to‘xtashini anglatadi)dan keyin to‘xtatilgandi.

Stanislav Kapustin: “Men bu yo‘nalishda ko‘p qatnayman va har gal shu belgiga ko‘zim tushadi. Meni bu joyda uch bora to‘xtatishgan (rolikda uchinchi to‘xtatish qayd etilgan). Dastlabki ikki galda o‘zimning aybsiz ekanligimni isbotlab berganimdan keyin, inspektorlar haydovchilik guvohnomamni qaytarib berishgan. Uchinchi gal inspektor, aftidan, qasddan ishni jarimagacha olib borishni istagan. Lekin men taslim bo‘lishni xohlamadim.

Iltimosimga ko‘ra, inspektor mashinasiga o‘tirdik (“torpedka”sida ikkita rasmiylashtirilgan bayonnoma yotardi) va haligi belgi oldiga bordik. “Manzilgacha bo‘lgan masofa” tablichkasini ko‘rsatdim va bu yerda uning joylashuvi mantiqqa zid ekanligini aytdim. Shu belgi bo‘lmaganda, muammo bo‘lmasdi.

YHXB xodimi buning teskarisini isbotlashga urindi, lekin bunda men uzatgan “Yo‘l harakati qoidalari” (bu kitobchani doim yonimda olib yuraman)ga qarashdan bosh tortdi. Bu ishi tushunarli edi – kitobchani ochganida, o‘zining kasbiga noloyiq ekanligini tan olishga to‘g‘ri kelardi.

Bahsni sudda davom ettirishga qaror qildim va undan masalani qonuniy yo‘l bilan hal etish uchun bayonnomani rasmiylashtirishni so‘radim. Menga 750 ming so‘m miqdorida jarima belgilandi. O‘z navbatida, men ShYHXBga ariza yozdim, u meni tuman YHXBga yo‘lladi. Yo‘lning o‘sha qismi uchun bular javob bermasliklari sababli, dalolatnoma tuzdik va ishim Jizzax YHXBga yuborildi.

Bir qancha vaqtdan keyin meni Toshkentdan Jizzax shahar YHXBga chaqirishdi. Bo‘sh vaqtim bor edi, darhol yo‘lga chiqdim. U yerda haydovchilik guvohnomamni qaytarishdi, o‘zlarining nohaq ekanliklarini tan olishdi va agar da’vom bo‘lmasa, ozod ekanimni aytishdi. Da’vom esa, albatta, bor edi.

Da’vom, birinchi navbatda, mening nomimga bayonnoma va jarima rasmiylashtirgan xodimlarga qaratilgandi. Ikkinchidan, yo‘lning o‘sha qismidan haydovchilarni adashtiradigan belgilarni olib tashlashlarini istardim. Qolaversa, menga moddiy va ma’naviy zararni qoplashlarini talab qildim, ularni jami 750 ming so‘mga baholadim.

Faqat bir oy o‘tgach, jarima bekor qilingani, zararning qoplanishi to‘g‘risida esa, fuqarolik sudiga murojaat qilishim kerakligi haqida xat keldi. Men fuqarolik sudiga da’vo kiritdim, unga inspektorning vaziyatga o‘z munosabatini bidirgan tushuntirish xatini ham ilova qildim”.

Foto: “Kommersant.uz”

Belgi olib tashlandi, jarima bekor qilindi

Stanislav sud qaroriga faqat Prezident virtual qabulxonasiga murojaat orqali erishdi. Sud da’vogarga ma’naviy kompensatsiya sifatida 500 ming so‘m va da’vo arizasini berishda sarflangan davlat boji uchun 75 ming so‘m to‘lash haqida qaror chiqardi. Da’vogar turli idoralarga qatnagani, arizalar topshirgani, kvitansiyalar to‘lagani va bir necha bor Jizzaxga borib-kelganligi fakti aniq ekanligiga qaramay, cheklar bo‘lmagani uchun, moddiy kompensatsiya to‘lanmasligi haqida qaror qabul qilindi. Mojaroga sabab bo‘lgan M-39 Toshkent – Samarqand trassasi 989 kilometridagi yo‘l belgilari olib tashlandi.

Foto: “Kommersant.uz”

Kompensatsiyani sud qaroridan uch yarim oy va inspektor to‘xtatgan sanadan sakkiz oy o‘tgach olishga muvaffaq bo‘lindi. Sud Stanislavning haq ekanligini tan olgan bo‘lsa ham, Jizzax YHXBda u hanuz huquqbuzar sifatida hisobda turadi – agar u, aytaylik, tezlikni 5 km/soatga oshirsa ham, takroriy huquqbuzarlik sifatida EKIXning 5 baravari (861 200 so‘m) miqdorida jarima to‘laydi. Bu masalani Stanislav bosh prokuratura orqali hal etish niyatida.

Ikki kulfat

Afsuski, ko‘plab haydovchilar haqiqatdan YHQni, o‘z huquqlari va majburiyatlarini yetarlicha bilmaydilar. Boshqa tarafdan, YHXB xodimlari orasida noprofessional mutaxassislar ham uchrab turadi, ular Stanislav roliklarida ochiq-oydin namoyon bo‘ladi – yo‘l inspeksiyasi xodimi bilan deyarli har bir suhbat mantiqsizlikka olib boradi. Inspektorlar haydovchini to‘xtatganliklarini asoslab bera olmaydilar, huquqbuzarlikni “tirnoq tagidan” qidirishni boshlaydilar, haydovchiga oshnasidek muomala qiladilar va bu bilan noprofessionalliklarini ko‘rsatadilar.

Yana bir muammo mavjud – ishni oxiriga yetkazish va qog‘ozbozchilikni yengib o‘tishga qancha asab va kuch ketishini bilgan haydovchilarning aksariyati “ishni joyida hal qilish”ni ma’qul ko‘radilar. Bu labirintdan o‘tishga hamma ham rozi bo‘lmaydi: turli muassasalarga qatnash, turli hujjatlar to‘plash, dab-durustdan YHXBga chaqirib qolishlar… Bu – bir muammoning bir necha bosqichda hal qilishni ko‘zda tutuvchi byurokratik tizimning yetuk emasligidir.

Stanislavning maqsadi – shaxsiy namuna ko‘rsatib, haydovchilarni o‘z huquqlarini chuqur o‘rganish va talab qilish va albatta, YHQni buzmaslikka chaqirish, shuningdek, xodimlarning noprofessionalligiga va xizmat lavozimini suiiste’mol qilish holatlariga YHXBB e’tiborini qaratishdan iborat.