Avitaminoz odam organizmida bitta yoki bir nechta vitaminlar yetishmasligi holatidir. Ko‘pincha avitaminoz to‘g‘ri ovqatlanmaslikdan kelib chiqadi hamda qish bo‘yi charchagan organizm zarur vitaminlar bilan ta’minlanmagan va quyosh nuridan yetarlicha bahramand bo‘la olmagan paytda — bahor boshida ayniqsa faol namoyon bo‘ladi.

Foto: “Woman.ru”

Avitaminoz gemoglabinning pasayishiga, shuningdek terining quruqlashishiga va yorilishga moyil bo‘lishiga olib keladi.

Bunday paytda qo‘l terisiga alohida e’tibor berish lozim. Odatda ayollar yuz terisini yetarlicha parvarishlaydi, ammo qo‘lga kelganda, erinchoqlik qiladi. Ta’kidlash joiz, agar bahorgi avitaminozga qarshi kurashda qo‘llarga alohida diqqat qaratilmasa, ularning terisi qurib, ko‘chib, xunuk ko‘rinishga ega bo‘lib qoladi.

Qo‘l terisini parvarishlashda asosiy qurol — qo‘l kremidir. Biroq ularning barchasi ham birdek samarali bo‘lmasligi mumkin. Shuning uchun krem tanlashda uning tarkibiga ahamiyat bering: unda tabiiy moddalar qanchalik ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi. Mutaxassislar krem tarkibida aloe ekstrakti bo‘lishi kerakligini alohida ta’kidlaydi.

Aloe ekstrakti qo‘l terisi hujayralarining yangilanish jarayonini tezlashtiradi, shamollash holatlarini bartaraf etadi, namlantiradi va kuyishdan himoya qiladi. Bundan tashqari, u turli vitaminlarga boydir, chunonchi, aloedagi E vitamini terini elastik va tarang qiladi, A vitamini teri sho‘rlanishining oldini olib, hujayralardagi moddalar almashinuvini normallashtiradi, B guruhidagi vitaminlar teri kasalliklari paydo bo‘lishi va ajinlar yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaydi, C vitamini esa kapillyar qon tomirlarini mustahkamlaydi.

Tayyor krem yordamida qo‘llarni parvarishlash qiyin emas va bu juda kam vaqt oladi. Biroq bunda ba’zi qoidalarga rioya qilish zarur:

  • Kremni muntazam ravishda qo‘llash joiz. Uni har kuni kamida ikki marta — ertalab yuvinib bo‘lgach hamda kechqurun uxlashdan oldin surish lozim.
  • Kremni quruq emas, balki biroz nam qo‘llarga surish tavsiya etiladi — shunda samara yanada ko‘proq bo‘ladi.
  • Ba’zi uy yumushlarini bajarishdan avval ham qo‘lga krem surib olish foydalidir. Masalan, idishlarni yuvishda avval qo‘lga krem qo‘yib, so‘ng rezina qo‘lqop kiyib olsangiz, bu jarayon SPA protsedurasiga aylanadi.

Manba: “Woman.ru”