“Roskachestvo” (Rossiya sifat tizimi) Iste’molchilik sinovlari tashkilotlari xalqaro assambleyasi bilan hamkorlikda iPhone X’ni ko‘rikdan o‘tkazdi. Sinov natijalari “Roskachestvo” saytida e’lon qilindi.

Foto: Global Look Press

iPhone X G‘arbiy Yevropadagi laboratoriyada 274 ta mezon bo‘yicha sinovdan o‘tkazildi. Ular orasida asosiy va old kamera testlari, mustahkamlik va suv o‘tkazmaslik qobiliyati sinovi, quvvat olish va akkumulyatorning quvvat yo‘qotish tezligi va boshqa sinovlar bor edi.

“Apple’ning eng yangi smartfoni aylanayotgan quvurga joylashtirish va bir necha o‘nlab marta 80 santimetr balandlikdan tashlashdan iborat chidamlilik sinovidan o‘ta olmadi. iPhone X ushbu mezon bo‘yicha bor-yo‘g‘i 2,9 ball to‘plab, ‘Roskachestvo’ tomonidan sinovdan o‘tkazilgan 310 ta model orasida oxiridan oltinchi bo‘ldi. Bu telefonni tushirib qo‘ymaslik kerak: quvur 50 marta aylangach, iPhone X’ning ekrani sindi — unda yashil chiziqlar paydo bo‘ldi, 100 marta aylanganidan keyin esa — orqa panel sindi, displey esa tamoman ishlamay qoldi”, — deya xulosa qildi mutaxassislar.

0,5 dan 5,5 bo‘lgan shkalada eng yuqori ballni smartfonning 72 ta parametri namoyon qildi. Bosh aspektlar sifatida mutaxassislar “benuqson” old kamerani, simsiz quvvat olish imkoniyatini, displeyni (shu jumladan, uning kontrastligi va yorqinligi), asosiy kameraning imkoniyatlari va uning sozlamalarini, shuningdek, “foydalanishning tushunarliligi va oddiyligi”ni qayd etdi.

Yakuniy jadvalda iPhone X 11-o‘rinda joylashdi. Undan oldingi pog‘onalarni iPhone 6, 6s, 8 va 8 Plus kabi Apple qurilmalarining avvalgi versiyalari hamda Samsung smartfonlari va LG G6 egalladi.