O‘zining suratini doimiy ravishda ijtimoiy tarmoqlarga joylash istagi haqiqatan ham kasallik hisoblanadi. Bunday xulosaga Hindiston va Britaniya olimlari keldi, deb yozadi “Naukatv.ru”.

Foto: “Naukatv.ru”

“Selfitis” kasalligi haqida birinchi marta dunyo soxta yangiliklar sayti orqali xabar topgan edi. Ammo endi aniqlanishicha, “selfitis”ni haqiqatan ham kasallik deb hisoblash mumkin, u boshlang‘ich, o‘tkir va surunkali bosqichlarga ega.

Boshlang‘ich bosqichda odamlar kuniga kamida uch marta selfi olib, ammo natijani ijtimoiy tarmoqlarga joylamaydi. O‘tkir holatda esa olingan selfilar har kuni internetda paydo bo‘ladi. Surunkali bosqich kecha-kunduz va boshqarib bo‘lmaydigan ravishda o‘zini suratga olish va suratlarni kuniga kamida olti marta internetga joylash istagi bilan namoyon bo‘ladi.

Tadqiqot ishtirokchilari sinovdan o‘tib, selfidan oladigan his-tuyg‘ulari, do‘stlari e’tiboridan qoniqish darajasi, selfi orqali o‘zligini namoyon qilish va boshqalar haqidagi savollarga javob berdi. So‘ng olimlar hindistonlik faol Facebook foydalanuvchilaridan iborat 400 kishi o‘rtasida so‘rov o‘tkazib, selfining ongga ta’sir ko‘rsatish ko‘lamini o‘rgandi.

Tadqiqot asosan Hindistonda o‘tkazildi, chunki aynan shu mamlakatda selfi olishga urinish jarayonida kelib chiqqan o‘limlar eng ko‘p qayd etilgan.

Olimlar shunday xulosaga keldiki, “selfitis”ga chalinganlarning ko‘pchiligi e’tibor yetishmasligidan va o‘ziga ishonmasligidan azob chekadi. Ular o‘zining jamiyatdagi o‘rnini bilib olish va o‘zini guruhning bir qismi sifatida his qilish umidida doimiy ravishda o‘z suratlarini chop etib boradi.