Kaliforniyaning Moxave aerokosmik portida jahondagi eng yirik samolyot — Stratolaunch raketa tashuvchisining uchish-qo‘nish yo‘lagidagi sinovi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Reuters

“Korrespondent.net” xabariga ko‘ra, voqeaning 34 soniyalik videosi amerikalik ishbilarmon, Microsoft kompaniyasi asoschilaridan biri Pol Allen tomonidan e’lon qilingan.

Bu samolyotning ilk parvozi arafasidagi so‘nggi sinov edi. Samolyot 2019-yildan boshlab muntazam ravishda parvoz qilishi ko‘zda tutilgan.

Stratolaunch’ning 28 shassisi bor. Uning og‘irligi — 250 tonna, qanotlarining umumiy uzunligi — 117 metr. Bu samolyot raketalarni yuqori balandlikka olib chiqib, ularni kosmosga uchirishga mo‘ljallangan.