O‘zining so‘nggi jangida mag‘lubiyat alamini totib ko‘rgan o‘zbekistonlik jangchi Murod Xonto‘rayev, oradan bir oy ham o‘tmasdan yana bir bor oktagonga ko‘tarildi va raqibini 30 soniya ichida taslim qila oldi.

Foto: YouTube

30 yoshli Xonto‘rayev “Axmat” jang klubi kamari uchun jang qildi. Keyinroq uning beliga taqib qo‘yilgan kamarga ham klub nomi tushirib qo‘yilgandi. Qozog‘istonlik MMA sharhlovchilari Xonto‘rayevni “Axmat” jang klubi a’zosi sifatida tanishtirdi. Bungacha Nursulton Ro‘ziboyev Ramzan Qodirovga tegishli mazkur klub bilan hamkorlikda ishlab kelayotgandi.

Ramzan Qodirov o‘zbekistonlik jangchi Nursulton Ro‘ziboyevga avtomashina sovg‘a qildi

Qizig‘i, 22-noyabr kuni o‘zbekistonlik mazkur sportchilarning har ikkisi ham jang qilgan bo‘lib, bu safar ham ularning jangi bir kunga to‘g‘ri keldi.

MMA. Rossiyalik Konstantin Andreytsev Murod Xonto‘rayevni ilk raunddayoq taslim etdi (video)

Qozog‘istondagi “Abadan” sport arenasida o‘tgan jangda Xonto‘rayevga ukrainalik Yuriy Gorbenko raqiblik qildi. 35 yoshli bu sportchining og‘irligi Xonto‘rayevdan 5 kilogrammga ziyodroq bo‘lib (110 kg), bo‘y borasida tenglik qayd etilgandi — 1,88 metr.

Qozog‘istonlik sharhlovchilar Gorbenkoni tajribali sportchi sifatida tanishtirdi. Sportchi 20 yildan buyon mashg‘ulotlarda ishtirok etadi. U kikboksing bo‘yicha jahon chempionligini qo‘lga kiritgan. MMA yo‘nalishida MDH chempioni. Qo‘l jangida Ukrainaning to‘rt katta g‘olibi hisoblanadi. Shuningdek, ushu sport turida ikki marta mamlakat chempioniga aylangan.

Biroq bu ko‘rsatkichlar oktagonda foyda bermadi. Murod Xonto‘rayev raqibining birgina texnik xatosidan unumli foydalanib, 30 soniya ichida o‘z g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Jangdan so‘ng unga “Axmat” chempionlik kamari taqib qo‘yildi.