Shavkat Mirziyoyev Nukus shahridagi sobiq “Nukus Remmash” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish va qo‘shimcha binolar qurish hisobiga barpo etilgan Samsung zavodiga bordi, deb xabar berdi O‘zA.

Foto: O‘zA

Hozirda ushbu zavodda televizorning to‘rt va changyutgichning o‘n uch turi ishlab chiqarilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti zavodning ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Mahsulotlar sifati va ko‘lami bilan qiziqdi.

“Bugun mamlakatimizda maishiy texnika vositalari ishlab chiqarish hajmi oshdi. Aholining bu boradagi talabi qondirilmoqda. Endi bu sohada eksport hajmini oshiradigan vaqt keldi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari zavodda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turini yanada ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida qator yirik loyihalar amalga oshirildi. Birgina “O‘zeltexsanoat” AK tomonidan umumiy qiymati 27,5 milliard so‘mlik 12 loyiha hayotga tatbiq qilindi.

Shavkat Mirziyoyevga “O‘zeltexsanoat” AK tomonidan kelgusida Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar taqdim qilindi. Loyihalarda yarim avtomat kir yuvish mashinalari, elektr shkaflar va suv isitish moslamalari, isitish moslamalari va radiatorlar, energiyatejamkor lampalar, maishiy texnika vositalarini sotish va texnik xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari bo‘yicha ma’lumotlar o‘rin olgan.