Hozirgi vaqtda Rossiya avtobozoriga Ravon brendi ostida yengil avtomobillarni yetkazib berayotgan GM Uzbekistan kompaniyasi General Motors’ning Sankt-Peterburgdagi faoliyati to‘xtatib qo‘yilgan zavodida avtomobil ishlab chiqarish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda, Rossiya sanoat va savdo vaziri Denis Manturovning so‘zlariga asoslanib, Spot xabar bermoqda.

Foto: “Gazeta.uz”

GM Uzbekistan bu borada qiziqish bildirgan va ular General Motors’ning bosh qarorgohi bilan muzokaralar olib bormoqda. Hozircha bu borada kelishuvga erishilgani yo‘q.

Bizda bevosita raqobatga uchramaydigan modellarni ishlab chiqarish bo‘yicha muloqot olib bordik. Masalan, A klassga oid avtomobillar bizda ishlab chiqarilmaydi, Ravon R2 (Spark) aynan shu klassga mansub.

Denis Manturov, Rossiya sanoat va savdo vaziri

Vazirning ta’kidlashicha, A klassga mansub avtomobillar kichik biznes bilan shug‘ullanayotganlar uchun manfaatli.

Ma’lumot uchun, o‘z vaqtida Chevrolet va Opel brendlari ostida avtomobillar ishlab chiqargan Sankt-Peterburgdagi quvvatlar yiliga 100 mingdan ziyod mashina chiqarishga moslashtirilgan.