Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanidagi barpo etilayotgan zamonaviy logistika markazida bo‘ldi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati

Prezident joriy yil yanvar oyida Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida mazkur xududda logistika markazi qurish topshirig‘ini bergandi.

“Xo‘jayli agrosanoat markazi” MChJ tomonidan tashkil etilayotgan mazkur markaz qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash va eksport qilish bilan shug‘ullanadi, ichki bozorni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, yer maydonlaridan unumli foydalanish, yangi ish o‘rinlari yaratish, mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

15,3 gektar maydonni egallagan majmuada 2018-yil 5 ming tonna meva-sabzavotni qadoqlash, saralash va qayta ishlash imkoniyati yaratiladi. 150 kishi ish bilan ta’minlanadi. Prezidentga mazkur majmua haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shu yerda Qoraqalpog‘istonda oziq-ovqat sanoati sohasida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik va baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha dasturlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Prezidentga 2018-yil Qoraqalpog‘istonda tomorqalardan samarali foydalanish dasturi loyihasi ham taqdim etildi.

Davlat rahbari mazkur loyihalar ahamiyatiga to‘xtalib, ularni yanada takomillashtirish va o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.