Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari va faollari bilan bo‘lib o‘tayotgan uchrashuvda Qoraqalpog‘istonning tarixiy, etnografik, madaniy, ekologik yo‘nalishlardagi turizm salohiyatini rivojlantirish, mavjud katta resurslardan samarali foydalanish lozimligini ta’kidladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
“Birgina Savitskiy nomidagi san’at muzeyida shunday nodir san’at asarlari, noyob tarixiy va etnografik eksponatlar borki, ular jahonda tengi yo‘q boylik, desak, adashmagan bo‘lamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
“Mana, biz shu yil aprel oyida Rossiya Federatsiyasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifimiz munosabati bilan ushbu muzeyning noyob ekspozitsiyasini ko‘p yillardan so‘ng birinchi marta Moskva shahrida namoyish qildik. Bu ko‘rgazma Rossiya rahbarlarida ham, keng madaniy jamoatchilikda ham juda katta katta qiziqish uyg‘otganiga shaxsan o‘zim guvoh bo‘ldim va yurtimizda shunday bebaho ma’naviy xazinamiz borligidan behad quvondim. Bu boylikni asrab-avaylab, boyitib kelayotgan qoraqalpoq xalqiga, ushbu muzeyning fidoyi xodimlariga bugungi fursatdan foydalanib, chin qalbdan minnatdorlik bildirishni o‘zimning burchim, deb bilaman”, — qo‘shimcha qildi davlat rahbari.
Izoh (0)