Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va Korneliy Kekelidze nomidagi Gruziya Milliy qo‘lyozmalar markazi o‘rtasida memorandum imzolandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: O‘zbekiston Milliy kutubxonasi

Mazkur memorandumda xalqaro ilmiy konferensiyalarda qatnashish, birgalikda seminar-trening, mahorat darslari, ma’ruzalar, taqdimotlar va boshqa tadbirlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Korneliy Kekelidze nomidagi Gruziya milliy qo‘lyozmalar markazi 1958-yilda tashkil etilgan. Ushbu maskanda saqlanayotgan manbalar orasida o‘zbek xalqining bebaho ma’naviy merosiga oid o‘zbek, turk va arab tillarida bitilgan qo‘lyozmalar va boshqa hujjatlar bor. O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga Alisher Navoiyning markazda saqlanayotgan qo‘lyozmalaridan fotonusxalar taqdim etildi.

Shuningdek, tadbir doirasida Gruziya milliy qo‘lyozmalar markazi bilan Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Samarqand davlat universiteti axborot-resurs markazi hamda Samarqand viloyati axborot-kutubxona markazi o‘rtasida ham memorandumlar imzolandi.