B.M. shu yil mart oyi o‘rtalarida Toshkent shahrining Chilonzor tumanida joylashgan “Olmazor” metro bekati yonidagi umumiy ovqatlanish shoxobchasida fuqaro N.X. bilan uchrashadi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: Trend

Navbatdagi firibgarlikni rejalashtirgan “uddaburon” N.X.ni mansabdor tanishlariga ma’lum miqdorda “haq berish” evaziga ichki ishlar tizimiga ishga joylashtirib qo‘yishga va’da qiladi va uning 500 AQSh dollari va 200 ming so‘mini qo‘lga kiritadi.

Shu yilning aprel oyi o‘rtalarida esa firibgar xuddi shu umumiy ovqatlanish shoxobchasida fuqaro U.R. bilan uchrashadi. Unga ham ichki ishlar tizimiga ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qilib, 1000 dollari va 300 ming so‘mini oladi.

Oradan vaqt o‘tadi. Na va’dadan, na ishdan darak bo‘ladi. Aldovlardan toqati toq bo‘lgan jabrlanuvchi N.X. voqea yuzasidan ichki ishlar idoralariga xabar beradi.

Mazkur jinoiy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Chilonzor tuman sudining ochiq sayyor sud majlisida ko‘rib chiqildi.

Sudlanuvchi muqaddam ichki ishlar idoralari tizimida ishlagan, hozir nafaqaga chiqqan shaxs bo‘lib chiqdi. B.M. muqaddam o‘zganing mulkini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritish jinoyatini sodir etganligi uchun sudlangan bo‘lsa-da, bundan tegishli xulosa chiqarmagan.

Sudlanuvchi B.Mga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan uzil-kesil 5 yil-u 7 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.