15-dekabrda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Majlisni Senat raisi N. Yo‘ldoshev boshqardi.
Kengash Senatning o‘n uchinchi yalpi majlisini joriy yilning 20-dekabr kuni Toshkent shahrida chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Senatning yalpi majlisi muhokamasiga 2018-yilgi O‘zbekiston Respublikasining davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi masala kiritilmoqda.
Senatning yalpi majlisi kun tartibiga mamlakatda olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini tubdan oshirishga, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga, 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasidan kelib chiqadigan vazifalarning izchil ijrosiga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining bir qator qonunlari va masalalar kiritilmoqda.
Yalpi majlisda Senat vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqiladi.
Oliy Majlis Senati qo‘mitalari va devonining o‘n uchinchi yalpi majlisga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir ishlarini muvofiqlashtirish uchun Kengash tomonidan tegishli ishchi guruh tuzildi.
Izoh (0)