Rossiya prezidenti Vladimir Putin 1970-yillarda “Lenfilm” kinostudiyasining bir necha kartinalarida kaskadyor sifatida suratga tushgan. Bu haqda, Putinning tasvirga olish maydonchasidagi sheriklariga asoslanib, “Dojd” telekanali xabar berdi.

Foto: “RBK”

Bo‘lajak prezident kinoda do‘sti Arkadiy Rotenberg bilan birga suratga tushgan. Ular murabbiy Anatoliy Raxlinning sambo (keyinchalik dzyudo) to‘garagida tanishib qolgan. Har ikkisi sport ustasiga aylanib, birga musobaqalarda qatnashgan.

Kurashchi Aleksandr Massarskiy 1950-yillarda “Lenfilm”da tryukli syomkalar bo‘yicha maslahatchi bo‘lib ishlagan — u Anatoliy Raxlinning murabbiyi bo‘lgan, Raxlin esa Putinning ustozi. “Lenfilm”da to‘laqonli kaskadyorlar jamoasi bo‘lmagani sabab, tasvirga olish ishlariga sportchilar jalb etilgan. Xususan, Raxlin o‘zining “Prezident senseyi” nomli avtobiografik kitobida 100 dan ziyod filmlarda suratga tushganini yozgan.

Rotenberg “Ijora batalyoni” nomli filmda ikkinchi darajali rolni ijro etgan. Tasvirga olish ishlarida qatnashgan Pyotr Tarxanovning so‘zlariga ko‘ra, u mudofaada qatnashayotgan “oddiy ijor ishchisi”ni o‘ynagan. O‘sha filmda Putinning boshqa bir tanishi — Rossiya parlamentining sobiq deputati, Xalqaro sambo federatsiyasi prezidenti Vasiliy Shestakov ham suratga tushgan.

Foto: “RBK”

Shestakovning “Dojd”ga ma’lum qilishicha, Putin “Ijora batalyoni” filmida kaskadyor sifatida qatnashgan. “Biz ‘Blokada’ va ‘Ijora batalyoni’ filmlarida birga suratga tushganmiz”, — dedi u. Shestakovning so‘zlariga ko‘ra, ular birga suratga tushgan uchinchi film ham bor, biroq uning nomini eslay olmagan.

“Biz uchun rolning kimligi ahamiyatsiz edi. Bu ishimizga o‘sha vaqtlar uchun yaxshi pul to‘lashardi. Biz talaba edik, ish haqimizga, masalan, ‘Kavkaz’ restoraniga borishimiz mumkin edi. Mening muhandislik maoshim 110 rubl bo‘lsa, syomkaning har bir kuni uchun 75 rubldan haq olardim. Ya’ni, bu juda yaxshi pul edi”, — deya tushuntirdi u.

Boshqa bir sobiq jangchi Nikolay Vashchilin ham Putinning “Lenfilm” kinolarida kaskadyor sifatida suratga tushganini tasdiqladi. Vashchilin ham Raxlinning shogirdlaridan biri. Keyinchalik u “Lenfilm”da tryuklar postanovkachisi sifatida ishlagan.

Foto: “RBK”

“Bizni ‘Blokada’dek katta film syomkaga chaqirishgan. Viloyat partiya qo‘mitasi raisining ’10 ming kishilik ommaviy sahnani ta’minlash’ haqidagi buyrug‘i bor edi. Shuning uchun barcha talabalar, harbiy bilim yurtlari, sport jamiyatlaridan odamlar yig‘ib kelingan. Shunchaki ommaviy sahnada qatnashsang 3 rubldan to‘lashardi, bizga esa kuniga 10 rubl berishardi. Shuning uchun bu ish bizga juda yoqardi”, — dedi Vashchilin.