O‘zbekiston futbol federatsiyasi milliy terma jamoaning 2018-yilgi o‘rtoqlik o‘yinlari masalasida 2 ta jiddiy kelishuvga erishdi. Unga ko‘ra, ayni vaqtda bosh murabbiysiz bo‘lgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi kelasi yil avval Marokash, keyinroq Eron milliy termalariga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarida ishtirok etadi.

Marokash

Foto: O‘FF

JCh—2018 yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan Marokashga qarshi bellashuv 27-mart kuni bo‘lib o‘tadi. Bellashuvga Marokashning Kasablanka shahri mezbonlik qiladi.

Tashkilot matbuot xizmatining xabar berishicha, O‘zbekiston milliy termasi bevosita Jahon Chempionatiga yo‘l olgan va unga tayyorgarlik ko‘rayotgan jamoaga qarshi o‘yinda hozirgacha maydonga tushmagandi. Marokashga qarshi o‘yin bu borada birinchisi bo‘ladi.

Marokashlik futbolchilar Rossiya—2018 mundialining eng murakkab guruhidan joy olgan bo‘lib, unda Ispaniya, Portugaliya va Eronga qarshi kurash olib borishi kerak. Erve Renar boshchilik qiladigan marokashlik futbolchilar JCh saralashining hal qiluvchi o‘yinida Afrika Millatlar Kubogining amaldagi g‘olibi bo‘lgan Kot-d’Ivuar termasi ustidan ishonchli g‘alabaga erishgandi — 2:0.

Afrika futbolida yangi qahramon: Erve Renar. Fransiyalik bu inson so‘nggi 6 yilda nimalarga erishdi?

Mazkur yurt bosh jamoasi safida Mexdi Benatiya, Muborak Bussufa, Nabil Dirar, Ashraf Hakimiy, Faykal Fajr, Nordin Amrabat kabi mashhur futbolchilar to‘p suradi.

Eron

18-may kuni esa O‘zbekiston terma jamoasi Eronda forslarning asosiy jamoasiga qarshi saf tortadi. Qiziq tomoni, Karlush Keyrush murabbiyligidagi jamoa ham O‘zbekiston bilan o‘yinga JCh—2018 yo‘lidagi tayyorgarlik sifatida qaraydi. Va forslar ham JChda Marokash bilan bir guruhdan joy olgan bo‘lib, Ispaniya hamda Portugaliyaga qarshi kurash olib boradi.

Foto: O‘FF

O‘zbekiston va Eron termalari JCh—2018 saralashida ham bir guruhdan joy olgandi. O‘shanda Samvel Babayan boshchilik qilgan o‘zbekistonlik futbolchilar raqibdan har ikki o‘yinda ham yengilgan: Toshkentda 0:1, Tehronda 0:2. Forslar aynan O‘zbekiston ustidan qozonilgan ikkinchi g‘alabadan keyin Rossiya mundiali masalasini to‘liq hal qilgandi.

Keyrush jamoasi saralashdagi 10 ta o‘yinning 6 tasida zafar quchib, 4 tasida durang o‘ynagan. 10 ta gol urib, 2 ta gol o‘tkazgan. Eron termasini mag‘lub etish uzoq vaqtdan buyon Osiyo jamoalariga nasib qilayotgani yo‘q. Forslar so‘nggi bor JCh—2014 saralashida Mirjalol Qosimov boshchilik qilgan O‘zbekiston termasidan mag‘lub bo‘lgandi. Bunda rasmiy o‘yinlar statistikasi inobatga olingan.