2017-yilning 12-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi uchun 1948-yil 9-iyulda San-Fransisko shahrida (AQSh) imzolangan Xalqaro mehnat tashkilotining birlashmalar erkinligi va kasaba uyushmalariga birlashish huquqini himoya qilish to‘g‘risidagi 87-sonli konvensiyasi kuchga kirdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: UzReport

“O‘zbekistonning ushbu konvensiyaga qo‘shilishi 1948-yildagi Inson huquqlari bo‘yicha umumjahon deklaratsiyasida o‘z ifodasini topgan, har bir insonning uyushmalarga birlashish huquqini kafolatlovchi va inson huquqlarini himoya qiluvchi umume’tirof etilgan me’yorlarga hamda Xalqaro mehnat tashkilotining fundamental konvensiyalariga mamlakat sodiq ekanligini yana bir bor tasdiqladi”, — deyiladi xabarda.

Hujjat ilg‘or xalqaro tajriba asosida kasaba uyushmalarini yanada rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi.