Oddiygina kartoshka pyuresini yanada mazaliroq, og‘izda erib ketadigan, yengil, hattoki boshqacha rangda va ishtahani ochuvchi hid taratadigan qilib tayyorlash yo‘llarini o‘rganib olamiz.

Foto: Depositphotos

Pyure uchun kartoshka xilini tanlaymiz

Pyure yengil, mayin va ipir-ipirsiz bo‘lib chiqishi uchun kartoshkaning kraxmali ko‘p, po‘sti och jigarrang, ichi oqish rangda bo‘lgan xilini tanlash kerak. Bunday kartoshka qaynatilganda ezilib pishadi.

Pyurega kartoshkadan boshqa yana qanday masalliqlarni qo‘shsa bo‘ladi?

An’anaviy pyure sutsiz yoki qaymoqsiz bo‘lmaydi. Taomdan tansiq hid kelishini xohlasangiz, suyuqlikka timyan yoki rozmarindan biroz qo‘shib, past olovda qizdiring.

Yana pyurega ajoyib ta’m beruvchi bir mahsulot esingizdan chiqmasin. Sariyog‘ni tanlaganingizda xasislik qilmasdan, yaxshi sifatlisini va yog‘lilik foizi ko‘prog‘ini oling. Sariyog‘ o‘rniga o‘simlik yog‘laridan, masalan zaytun yog‘idan qo‘shsa bo‘ladi, lekin pyurening ta’mi boshqacha chiqadi.

Sut ham, sariyog‘ ham xona haroratida bo‘lishi kerak. Chunki sovuq holda qo‘shilganda, pyureni mayin qilish uchun ko‘p aralashtirishga to‘g‘ri keladi, natijada taom yopishqoq bo‘lib qoladi.

Ba’zilar pyurega bir-ikki qoshiq smetana yoki mayonez, yogurt yoki qirg‘ichdan o‘tkazilgan pishloq ham qo‘shishadi. Qo‘shimcha ta’m berish uchun xom tuxum, qovurilgan piyoz, qo‘ziqorin qo‘shish mumkin.

Pyurening boshqacha rangli bo‘lishini xohlasangiz, kartoshkani lavlagi, sabzi yoki qovoq bilan birga qaynating.

Pyureni tayyorlash tartibi

Kartoshkani tozalab, yirik kubiklar shaklida to‘g‘rab, idishga solamiz. Ustidan sovuq suv solinadi, suv darajasi kartoshka ustidan bir santimetr ortib turishi kerak. Keyin tuzlab, olov ustiga qo‘yamiz. Kartoshka ezilib pishgach, idish olovdan olinib, suvi to‘kib tashlanadi, keyin kartoshkadan ortiqcha suv bug‘lanib chiqib ketishi uchun biroz kutamiz.

Kartoshkani issiq holida ezish kerak. Bunda blender ishlatmagan ma’qul, aks holda pyure yopishqoq bo‘lib qoladi. Uni mayin qilib ezgach, qolgan masalliqlarni qo‘shamiz va yaxshilab, erinmasdan aralashtiramiz, istagan ziravorlarimizdan qo‘shsak bo‘ladi. Stolga tortish oldidan maxsus idishga solib, ko‘katlar bilan bezaymiz.

Maqola so‘ngida ajoyib pyurelarning retseptlarini taqdim etamiz:

  1. Gulkaram qo‘shilgan kartoshka pyuresi

Kerakli masalliqlar:

  • 400 g kartoshka
  • 400 g gulkaram
  • 1 oshqoshiq sariyog‘
  • ½ stakan qaymoq
  • ¼ stakan qirg‘ichdan o‘tkazilgan pishloq
  • Tuz
  • Ko‘k piyoz barglari

Qaynayotgan kartoshkaga suv qaynab boshlagandan 10 daqiqa o‘tgach gulkaram qo‘shiladi. Pishib chiqqach, ezamiz va qolgan masalliqlarni qo‘shib yaxshilab aralashtiramiz. Dasturxonga qo‘yishdan oldin ko‘k piyoz bilan bezaymiz.

  1. Qovoq qo‘shilgan kartoshkali pyure

Kerakli masalliqlar:

  • 800 g kartoshka
  • 500 g qovoq
  • Eritilgan sariyog‘
  •  1 dona sarimsoq
  • 125 ml sut
  • 100 ml qaymoq, 2 oshqoshiq sariyog‘
  • Qora murch, tuz, biroz muskat yong‘og‘i

Odatdagiday, pishgan kartoshka va qovoqni ezib, sut, qaymoq, sariyog‘ni qo‘shib aralashtiriladi, oxirida oldindan sariyog‘da qovurib qo‘yilgan sarimsoqni va qolgan ziravorlar va tuzni qo‘shib aralashtiriladi.

Manba: “Gotovim-doma.ru”