Toshkentning “Lokomotiv” klubidagi o‘yinlari orqali tanilgan yarim himoyachi Ikrom Aliboyev kelasi mavsumdan e’tiboran “Paxtakor” safida maydonga tushadi.

Foto: “Lokomotiv”

“Olamsport” nashrining ma’lumot berishicha, har ikki tomon Aliboyevning transferi borasida o‘zaro kelishuvga erishgan. Transfer shartlari borasida esa aniq ma’lumotlar yo‘q.

O‘tgan mavsum “temiryo‘lchilar” Osiyo Chempionlar Ligasida munosib ishtirok etish uchun “Paxtakor”dan Jaloliddin Masharipovni olib kelgandi. Biroq “Lokomotiv” guruhdan chiqa olmadi. Ayni vaqtda Masharipovning “sherlar” bilan yana 1 yillik shartnomasi bor. Aliboyevning raqib jamoa safiga yo‘l olishida bu faktorlar rol o‘ynagan yoki yo‘qligi ham ma’lum emas.

Aliboyev joriy mavsum “Lokomotiv” safida Oliy Liganing 22 ta o‘yinida ishtirok etib, 4 ta gol urdi va 3 marta hakamlar tomonidan ogohlantirildi. U maydonda jami 1769 daqiqa harakat qilgan.