Avstraliyalik 58 yoshli Frenk Skott o‘limidan so‘ng jasadini o‘nlab dafn qilinmagan jasadlar tabiiy yo‘l bilan parchalanadigan poligonga topshirishni vasiyat qildi. Bu haqda Daily Mail xabar berdi.

Foto: Daily Mail

U Sidney texnologiya universiteti va Avstraliya huquqni muhofaza qilish organlarining qo‘shma tajribasida ishtirok etish uchun yozilgan. Ayni vaqtda tikanli to‘siqlar bilan o‘ralgan 4,8 gektarli hududda 30 ta dafn etilmagan jasad parchalanmoqda. Yana 15 ta jasad turli chuqurliklarga ko‘milgan. Olimlar tanilmagan qoldiqlarning shaxsini aniqlash va jinoyatlarni fosh etishda kerak bo‘ladigan ma’lumotlarni olish uchun mazkur tajribani o‘tkazmoqda.

O‘limdan so‘ng Skottning jasadi poligonda ochiq osmon ostida qoldiriladi. O‘n yildan so‘ng uning qoldiqlari krematsiya qilinadi va Sidney texnologik universitetidagi yodgorlikka joylashtiriladi.

Skott o‘z tanasini fan uchun qurbon qilishga qaror qilgan, chunki shifokorlar ko‘p marta uning hayotini saqlab qolgan. U 15 yoshidan harbiy flotda va armiyada xizmat qilishni boshlagan. Skott Shimoliy Irlandiyadagi qurolli nizo vaqtida jabrlangan. Iste’foga chiqqach, Reuters’da harbiy fotograf bo‘lib ishlagan va dunyoning barcha qaynoq nuqtalarini kezib chiqqan.

Skott 15 ta yurak xurujini, ko‘p sonli operatsiyalarni boshdan o‘tkazgan. 2004-yilda Janubi-sharqiy Osiyoda yuz bergan sunami vaqtida u mehmonxonaning uchinchi qavatida bo‘lgan va to‘lqin uloqtirgan kater unga kelib urilgan. Skott qutqarib qolingan, biroq o‘pkasining yarmidan ayrilgan.