Yahudiy kapitalining moliyaviy ta’siri aksariyat respublikachilar siyosiy pozitsiyalarida aks etmasligining iloji yo‘q. Respublikachilardan bo‘lgan Tramp barcha sohalarda Amerika — Isroil dialogini mustahkamlash va kengaytirishga qaratilgan choralar ko‘rishi lozim, deb yozadi Forbes.

Foto: AP

Prezident Donald Tramp Quddusni Isroil davlatining yagona va bo‘linmas poytaxti deb tan olib, yana bir bor xalqaro siyosat diqqat markaziga tushdi. U, shuningdek, Davlat departamentiga AQSh elchixonasini Tel-Avivdan Muqaddas shaharga ko‘chirish bo‘yicha ishlarni boshlashni buyurdi. Bu yangilik mamlakat ichkarisida ham, xalqaro hamjamiyatda ham turli ma’nodagi reaksiyani yuzaga keltirdi. Bunga nafaqat Falastin tomoni, balki Vashingtonning Shimoliy Atlantika Alyansi (NATO) bo‘yicha sheriklari — Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya ham qarshi chiqdi.

Turkiya keskin bayonotlardan tashqari, ultimatum — Yahudiy davlati bilan diplomatik aloqalarni to‘xtatish va Amerika — Turkiya qo‘shma iqtisodiy dasturlarini vaqtincha to‘xtatish talabini qo‘ydi.

Xalqaro tashkilotlar ham chetda qolmadi. BMT va Yevropa Ittifoqi yuqori mansabdorlari bu kabi choralar Falastin — Isroil mojarosini tinch yo‘l bilan tartibga solish imkonini bermasligini ta’kidladi, Arab davlatlari ligasi esa favqulodda yig‘ilish chaqirmoqda.

Quddus muammosi nimadan iborat va Amerika prezidentining bu qaroriga nima sabab bo‘ldi? Yahudiy xalqi 1947-yilda qabul qilingan BMT rezolyutsiyalari asosida o‘z davlatini yaratish huquqini qo‘lga kiritdi. Bu hujjat Britaniya kolonial mandatini tugatib, ikki xalq: yahudiy va arablarning ikki davlat shakllantirishini e’lon qildi. Bunda uchta eng qadimiy dunyo dini markazi — Quddus xalqaro nazorat ostiga o‘tishi lozim edi. Arab dunyosi yetakchilari buni xalqaro tajovuz akti deb topdi va yahudiy davlatining har qanday shakliga qarshi chiqdi. O‘shandan buyon Isroil o‘zining yashash huquqini arab koalitsiyasiga qarshi urushlarda isbotlashiga to‘g‘ri keldi. 1967-yilgi Olti kunlik urush natijasida Isroil armiyasi falastinliklar o‘z poytaxti deb hisoblovchi Sharqiy Quddusni o‘z nazorati ostiga oldi. Xalqaro hamjamiyat buni bosib olish deb hisoblab, yahudiy tomonidan qabul qilingan rezolyutsiyalarga amal qilishni talab qilmoqda.

Falastin — Isroil mojarosi insoniyat tarixidagi eng uzoq cho‘zilganlaridan biri hisoblanadi. Muzokaralar xalqaro kvartet — BMT, Yevropa Ittifoqi, AQSh va Rossiya doirasida o‘zgaruvchan muvaffaqiyat bilan o‘tmoqda. Biroq tartibga solish jarayonida asosiy rolni aynan Vashington o‘ynaydi. Xalqaro hamjamiyatda, obyektiv va subyektiv sabablarga ko‘ra, Amerika uchun Isroil bilan aloqalar o‘ziga xos tarixiy, sivilizatsion va siyosiy qimmatga ega ekanligi to‘g‘risidagi fikr shakllangan. Biroq hammasi bunchalik oddiy emas. Amerika — Isroil aloqalari tabiatini tushunish uchun ular barpo bo‘lgan tarixiy poydevorni bilish lozim.

Isroil mustaqilligini tan olish masalasi muhokama qilingan paytda prezident Garri Trumen ma’muriyatida ikkita shartli blok shakllangan. Birinchi blok — davlat kotibi Jorj Marshall boshchiligidagi realistlar. Ular Isroilni rasman tan olish Amerikaning yirik neft va gaz zaxirasiga ega Yaqin Sharq dunyosi gegemoni — arab dunyosi bilan munosabatlarini murakkablashtirishi mumkin degan fikrda edi. Ikkinchi lager Trumenning yaqin maslahatchisi — Klark Klifford boshchiligidagi siyosiy texnologlar guruhi edi. Pragmatik Klifford uchun tashqi siyosat ahamiyatsiz bo‘lib, uning yagona vazifasi prezidentning ikkinchi muddatga saylanishi edi.

Saylov kampaniyasi ijobiy yakunlanishi uchun Trumen yahudiy aholi ko‘pchilikni tashkil etuvchi Nyu-York okruglarida g‘alaba qozonishi lozim edi. Taniqli metsenat Eddi Jekobson Kliffordga Isroil mustaqilligi qo‘llab-quvvatlangan taqdirda ushbu okruglarda Trumen g‘alabasini ta’minlashga so‘z berdi. Natijada kampaniya davomida prezident siyosiy texnologlar tomoniga o‘tdi. Biroq g‘alabadan so‘ng Trumen Marshallning maxsus farmon chiqarish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi. Unda Qo‘shma Shtatlar “ikki xalq uchun ikki davlat” yaratishni qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlanadi. Bundan tashqari, demokratning ikkinchi muddati Amerika siyosatining Yaqin Sharqda faollashuvi bilan qayd etilgan. U yerda mamlakatning asosiy ittifoqchilari Eron va Saudiya Arabistoni edi. Shu tariqa, Amerika siyosiy elitasi avval boshdanoq Isroil povestkasiga o‘z foydasini o‘ylab, hisob-kitob bilan va pragmatik munosabatda bo‘lgan.

Bu yo‘nalishda jiddiy o‘zgarish yuz bermadi, biroq dunyo siyosiy kartinasining o‘zgarib borishi va Isroil lobbistik omilining kuchayib borishi bilan ma’lum o‘zgartirishlar kiritildi. Demokratlar doim Isroilga ittifoqchilaridan biri sifatida qaragan, biroq uni boshqalardan ajratishga urinmagan. Aynan demokrat-prezidentlar Jimmi Karter va Bill Klinton balansga keltirilgan siyosatga urinib, yahudiy davlati va arab dunyosini yarashtirib qo‘yishga harakat qilgan (Kemp-Devid kelishuvi, Oslodagi bitim va boshqalar). Barak Obama davrida ikki tomonlama aloqalarda inqiroz ko‘zga tashlandi. Bunga tarixiy bitim imzolanishiga olib kelgan AQShning Eron bilan maxfiy muzokaralarining oshkor bo‘lishi sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, demokrat ma’muriyatlarda Amerikaning Yahudiy davlatiga moliyaviy, gumanitar va harbiy-texnik yordami kamaygan.

Ayni paytda, oxirgi 40 yilda Amerikada siyosiy pozitsiyalar mustahkamlandi va yahudiy jamoasi konservativ qismi moliyaviy imkoniyatlari oshdi. Demokratik partiyaga yo‘naltirilgan amerikancha yahudiylardan farqli ravishda bu nufuzli guruh Respublikachilar partiyasining muhim elementiga aylandi. Protestant Amerikasining muqaddas missiyasi — Muqaddas yer va Isroilning xudo tomonidan tanlangan xalqini himoya qilish g‘oyaviy asos bo‘ldi. Keyinroq bu g‘oya xristian sionizmining shiori “Men amerikalikman, men xristianman, men Isroil tarafdoriman” bo‘lgan nufuzli siyosiy-diniy konsepsiyasi shakllanishiga olib keldi.

Ikkinchi poydevor — bu respublika elitasidagi yahudiy kapitali omili. Oxirgi 30 yil davomida partiyalarning eng yirik homiylari o‘nligiga Sheldon Adelson, Pol Singer, Norman Braman, Stiven Koen va Mark Epshteyn kabi nufuzli Amerika — yahudiy milliarderlar kirgan. Mas’ul siyosatchilar markazi ma’lumotiga ko‘ra, Adelsonning o‘zi “fillarga” federal saylovlarda (prezidentlik va Kongress) 82 million dollar ajratgan, ulardan 30 million dollari Donald Tramp jamg‘armasiga yo‘naltirilgan. Isroil tashkilotlari yirik donorlari oxirgi uch yil davomida Kongress saylovlari uchun jami 320 million dollar, gubernatorlar sayloviga 195 million dollar va mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish organlari saylovlariga 78 million dollar sarflagan.

Yuqoridagilardan ayon bo‘ladiki, bu kabi moliyaviy ta’sir aksariyat respublikachilar siyosiy pozitsiyasida aks etmasligi mumkin emas.

Shu tariqa, umumiy ideologik konsepsiyaning mavjudligi homiylik qo‘llab-quvvatlashi bilan birgalikda Respublikachilar partiyasini Isroil manfaatlarining asosiy lobbistiga aylantirdi. Tramp ham istisno emas. U respublikachi prezident sifatida barcha sohalarda Amerika — Isroil dialogini mustahkamlash va kengaytirishga qaratilgan harakatlarni amalga oshirishi lozim.

Uning saylovoldi kampaniyasi Isroil kun tartibiga ikki masala: Eron bilan kelishuvni bekor qilish va AQSh elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirish kirgan edi. Birinchi va’dani bajarish deyarli imkonsiz. Eron bilan kelishuvni saqlab qolish uchun nafaqat demokratlar, balki mo‘tadil respublikachilar va qonun chiqaruvchi-libertarianlarning ham katta qismi ovoz beradi. Bundan tashqari, Eron masalasida prezident o‘z ma’muriyatida ham ozchilikning ichida. Mudofaa vaziri Jeyms Mettis, milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Gerbert Makmaster va apparat rahbari Jon Kelli vakilligida Harbiy-razvedka lobbisi Eron atrofidagi nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori. Bu kabi vaziyatda Tramp Quddus kartasini o‘ynashga majbur bo‘ldi.

Bu tadbir katta siyosatdan tashqari boshqa muhim maqsad — Amerika va xalqaro hamjamiyatni Myuller komissiyasining Tramp o‘tish jamoasi a’zolarining Rossiya vakillari bilan bog‘liqligi haqidagi surishtiruv natijalaridan chalg‘itishni ko‘zlagan bo‘lishi mumkin.