Aeroportning paydo bo‘lishi odatda aglomeratsiyalar rivojida yangi bosqich sifatida qaraladi. Murakkab va ko‘p xarajat talab qiladigan inshoot katta maydonni egallaydi va va unda ko‘p sonli xodimlar faoliyat olib boradi. Tijorat aeroportlarining paydo bo‘lganiga hali yuz yil bo‘lmagan bo‘lsa ham, dunyoning turli mamlakatlarida tashlandiq aeroportlarni uchratish mumkin. TJournal ana shunday aeroportlar jamlanmasini taqdim etdi.

Nikosiya

Kiprning xalqaro aeroporti 1930-yillarda ochilgan va 1974-yilga qadar bir qancha tanaffuslar bilan foydalanilgan. Turk bosqinidan buyon bu aeroportga faqat BMTning tinchlikparvarlari keladi. So‘nggi samolyot esa aeroportdan 1977-yilda parvoz qilgan. Aeroport turk va kipr tomoni o‘rtasidagi bufer hududda joylashgan bo‘lib, u yo‘lovchi reyslarini qabul qilmaydi.

Foto: TJournal

Foto: TJournal

Foto: TJournal

Stepanakert

Xodjalin aeroporti tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasidagi yagona aeroport bo‘lib, yirik samolyotlarni qabul qila oladi. Qorabog‘ mojarolari boshlangan 1990-yillardan bugungi kunga qadar aeroport yopiq hisoblanadi. 2012-yilda u rasman ishga tushirilgan bo‘lsa ham, hanuzgacha yo‘lovchi reyslarni qabul qilmaydi. Aeroport faqat harbiylar tomonidan foydalaniladi va unda ba’zan havo sharlari festivali bo‘lib o‘tadi.

Foto: TJournal

Foto: TJournal

Afina

Ellinikon aeroporti 2001-yilga qadar Afinaning asosiy havo porti hisoblangan, biroq yangi Elefterios Venizelos aeroporti ishga tushirilgach, u tashlandiq holga tushib qolgan. Ellinikon 1938-yilda qurilgan, har yili aeroport 12 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan.

Foto: TJournal

Aeroportning terminallaridan biri muzey sifatida ishlamoqda, bir qismi esa 2004-yilgi Olimpiada o‘yinlarida sport xiyoboniga aylantirilgan. Qolgan binolarda 2016-yilgacha suriyalik noqonuniy qochoqlar yashagan.

Foto: TJournal

Syudad-real

Syudad-real Ispaniyadagi birinchi xususiy aeroport bo‘lgan. Uning qurilishi qariyb bir milliard yevroga tushgan, uchish-qo‘nish yo‘lagi esa Yevropadagi eng kattalardan biri bo‘lgan. U faqat 2009—2012-yillarda ishlagan va keyin o‘zini bankrot deb e’lon qilgan.

Foto: TJournal

Hukumat uni bir necha marta savdoga qo‘ygan bo‘lsa ham, 2015-yilda CR International Airport kompaniyasi tomonidan 56,2 million yevroga sotib olinmaguniga qadar uni xarid qilishga hech kim jazm qilmagan.

Foto: TJournal

Foto: TJournal

Donetsk

Sergey Prokofyev nomidagi xalqaro aeroportga 1930-yillarda asos solingan va 2014-yilning may oyiga qadar ishlagan. 2012-yilda aeroportda keng ko‘lamli ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan, Ukraina hukumati buning uchun 875 million dollar sarflagan. Harbiy harakatlarning boshlangani sababli aeroportning ishi to‘xtagan.

Foto: TJournal

2014—2016-yillardagi harbiy harakatlar davomida aeroport butunlay vayron bo‘lgan va foydalanishga yaroqsiz holga kelgan.

Foto: TJournal

Foto: TJournal

London

London atrofida turli sabablarga ko‘ra yopilgan bir nechta aeroport bor. Masalan, 1920-yildan buyon ishlab kelgan Kroydon aeroporti shahar qurilishining yaqin masofaga kelib qolgani sababli o‘z ishini to‘xtatgan. Uni ta’mirlash uchun mablag‘ topilmagan va o‘sha davr yodgorligiga aylantirilgan.

Foto: TJournal

Foto: TJournal

Foto: TJournal

Falastin avtonomiyasi

G‘azo sektorining Rafax shahridagi Yosir Arofat xalqaro aeroporti kam umr ko‘rgan aeroport sanaladi. Bir qator mamlakatlarning moliyaviy ko‘magida 1998-yilda qurilgan aeroport Falastin davlatining rivojidagi belgi sifatida qabul qilingan. Aeroport Fuqarolik aviatsiyasi xalqaro tashkilotining kodini qo‘lga kiritgan, uning ochilishida esa nafaqat Yosir Arofat, balki AQSh prezidenti Bill Klinton ham ishtirok etgan.

Foto: TJournal

Foto: TJournal

2001-yilning dekabr oyida Isroil Harbiy-havo kuchlari aeroportning radiolokatsiya stansiyasi va dispetcherlik minorasini bombardimon qilgan, 2002-yilning yanvar oyida esa asfalt qoplamasining katta qismi buldozerlar bilan buzib tashlangan. Aeroport xodimlari 2006-yilgacha ishlagan bo‘lsa ham, u yerdan hech kim uchmagan va u yerga hech kim qo‘nmagan.

Foto: TJournal

Berlin

“Barcha aeroportlarning otasi” bo‘lgan Berlindagi ulkan Tempelxof 1920-yillardan 2008-yilgacha ishlagan. U samarasizligi sababli yopilgan.

Foto: TJournal

Yopilishdan so‘ng uchish-qo‘nish yo‘laklari obodonlashtirilib, shahar xiyoboniga aylantirilgan va erkin tashrif buyurish uchun ochib qo‘yilgan. Aerovokzal binolari va maydonlar qochoqlarni saqlash markazi sifatida foydalanilmoqda.

Foto: TJournal