Vebster universiteti (AQSh) vitse-prezidenti Piter Maxer rahbarligidagi delegatsiya a’zolari Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) kampusi hamda yoshlarning bilim olishlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Bu haqda Inha rasmiy saytida xabar berildi.

Foto: “Inha.uz”

Delegatsiya tarkibidan Uoker nomidagi Biznes va texnologiyalar maktabi dekani Simmon Kummings hamda mazkur universitetning ta’lim maktabi dekani Brenda Fayf o‘rin olgan edi.

Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Sarvar Babaxodjayev mehmonlarni qutladi hamda Janubiy Koreyaning Inha universiteti ishtirokida bunyod etilgan universitetning faoliyati to‘g‘risida gapirib berdi.

Mehmonlar universitening tarixi va faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, ularga Toshkent shahridagi Inha universiteti infratuzilmasini rivojlantirish hamda yoshlar uchun taklif etilayotgan ta’limiy dasturlarni kengaytirish bo‘yicha rejalar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

AQSh universiteti delegatsiyasi Toshkent shahridagi Inha universiteti kampusi hamda talabalar va o‘qituvchi-professorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Toshkent shahridagi Inha universitetiga bo‘lgan tashrifdan amerikalik delegatsiya a’zolarida iliq taassurotlar qoldi.