A seriya chempionligi uchun asosiy da’vogar sifatida e’tirof etilayotgan Neapolning “Napoli” klubi xalqaro maydondagi yurishini Yevropa Ligasida davom ettiradi.

Foto: Getty Images

Sarri jamoasi Chempionlar Ligasi guruh bosqichining so‘nggi turida “Feyenoord” mehmoni bo‘lib, 1:2 hisobida yengildi. Gollandiya klubi bunga qadar bo‘lgan 5 ta uchrashuvning barchasida mag‘lubiyat alamini totib ko‘rgan bo‘lsa-da, Italiya yetakchisiga qarshi bellashuvda o‘z irodasini namoyish qila oldi.

Gvardiola boshqaruvidagi “Siti” esa o‘tgan turdan keyinoq guruh yetakchiligi masalasini hal qilib qo‘ygandi. Manchesterliklar so‘nggi turga rasmiyatchilik yuzasidan chiqib keldi va “Shaxtyor”ga imkoniyatni boy berdi — 1:2. Shu kuni bosh murabbiy De Bryuyne, Silva kabi yetakchi futbolchilarini maydonga tushirmadi.

Mazkur g‘alabasidan keyin “Shaxtyor” 12 ochko bilan navbatdagi bosqichga yo‘l oldi. “Siti” esa mavsumdagi ilk mag‘lubiyatini qabul qilib oldi. Na Angliyada va na Yevropada “Siti” taslim bo‘layotgandi. Endi Gvardiola jamoasida ham ilk mag‘lubiyat bor.

Yevropa Chempionlar Ligasi

“F” guruhi. 6-tur o‘yinlari

6-dekabr, chorshanba

“Shaxtyor” — “Manchester Siti” 2:1

Gollar: Bernard, 26 (1:0). Ismaili, 32 (2:0). Serxio Aguero, 92+ pen (2:1).

“Feyenoord” — “Napoli” 2:1

Gollar: Pyotr Zelinski, 2 (0:1). Nikolay Yorgensen, 33 (1:1). Jerri Sen Jyust, 91+ (2:1).

Chetlatish: Tonni Vilena, 83 (F).

Foto: FotMob