Ukrainadagi inqiroz AQSh va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarning ijobiy tomonga o‘zgarishi yo‘lida yagona to‘siq bo‘lib turibdi. Bu haqda, “Kommersant”ning xabar berishicha, AQSh davlat kotibi Reks Tillerson ma’lum qildi.

AQSh davlat kotibi Reks Tillerson.
Foto: EPA

Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington Moskva bilan munosabatlarini yaxshilashni xohlaydi.

“Boshqa masalalar yuzasidan, xususan, Suriya bo‘yicha ham qarashlarimiz farqli. Biroq bir mamlakat boshqasining hududiga bostirib kiradigan bo‘lsa, buni e’tiborsiz qoldirish uchun o‘zimizda kuch topishga qiynalamiz”, — dedi Tillerson.

Avvalroq AQShning Rossiyadagi elchisi Jon Xantsman ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar “quyi nuqtada turgani”ni ta’kidlagan edi. Uning fikricha, vaziyatning bu holga kelishiga sabab bo‘lgan jihatlar — Qrimning Rossiya tomonidan egallab olinishi va Ukrainadagi voqealardir.

Ayni vaqtda, AQSh elchisining qayd etishicha, Rossiya va AQSh o‘rtasidagi iliq munosabatlarning qayta tiklanishi “global barqarorlik, butun jahon uchun muhim ahamiyatga ega”.