O‘zbekiston Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi 2017-yilda o‘nta oltin rudasi maydonlarini o‘zlashtirish istiqbollarini o‘rganish uchun to‘rtta xorijiy kompaniyani jalb qildi. Bu haqda qo‘mita raisi Bobur Islomov Toshkentdagi Uzgeoinvest 2017 xalqaro konferensiyasi chog‘ida ma’lum qildi, deb yozadi “Kommersant.uz”. Uning so‘zlariga ko‘ra, Davlat geologiya qo‘mitasi Kanadaning B2Gold, Britaniyaning NordGold, Turkiyaning TUMAD va Janubiy Koreyaning Shindong Resources kompaniyalari bilan bitimlar imzolagan.

Foto: “Kommersant.uz”

Qo‘mita raisi ushbu maydonlardagi istiqbolli oltin zaxiralariga aniqlik kiritmadi, ularni tadqiq qilish uchun investitsiyalarning umumiy hajmi taxminan 8 million dollarga yetishini aytdi. Bitim ikki yillik bo‘lib, shundan keyin investorlar o‘z tadqiqotlari asosida loyihaning navbatdagi bosqichlari — konlarni qazish, qazib olish va qayta ishlash quvvatlarini qurish haqida qaror qabul qilishi kerak.

“Investorlar litsenziya rasmiylashtirmasdan dastlabki tekshiruvlarni o‘tkaza oladi, bu texnologiyalarni va xorijiy kompaniyalarni jalb etishni tezlashtiradi”, — dedi Islomov.

Davlat geologiya qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati qimmatbaho metallar bo‘yicha 12 ta kon va 31 ta istiqbolli maydon ro‘yxatini tasdiqlagan, ular 151 tonna oltin va 1,2 ming tonna kumush zaxirasiga ega deb prognoz qilingan.