Human Rights Watch xalqaro huquqni muhofaza qilish tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 14 oy ichida O‘zbekistonda 16 nafar siyosiy aktivist qamoqdan ozod qilingan, deb yozadi “1news.uz”.

Foto: AP

“Bu katta raqamlar. Bizda ‘siyosiy mahbus’ termini borasida ham hukumat bilan aloqa yo‘lga qo‘yilgan. U hukumat uchun nozik terminligini tushunamiz, ammo shunga qaramay, ular bunday masalalar bo‘yicha biz bilan muzokaralarga kirishganidan juda xursandmiz”, — dedi HRW’ning Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlov.

U yetti yillik tanaffusdan keyin O‘zbekiston hukumati xalqaro huquqni himoya qilish tashkiloti delegatsiyasining mamlakatga kelishiga ruxsat berganini eslatdi. Uning aytishicha, bu “avval bo‘lmagan ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar”ni ko‘rish imkonini bergan.

Sverdlov, uning fikricha, o‘zbek jamiyatidagi so‘nggi o‘zgarishlarni yaqqol namoyon qiluvchi asosiy yo‘nalishlarni aytib o‘tdi.

“Yangi hukumat va fuqarolar o‘rtasidagi masofa ahamiyatli darajada qisqarayotganini kuzatyapmiz. Ushbu jarayonni eng ko‘p prezident virtual qabulxonasi o‘zida mujassamlashtiradi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, alohida progressni tashkilot dolzarb mavzularni ko‘tarishni boshlagan OAVlar faoliyatida ko‘rmoqda.

Sverdlov ta’kidlashicha, turli uchrashuv va muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston hukumati HRW’ga mamlakatda doimiy asosda o‘z faoliyatini amalga oshirish imkonini berish bo‘yicha siyosiy irodasini namoyon qilgan. U ikkala tomon ham mavjud to‘siqni yengib o‘tish uchun birgalikda ishlashni davom ettirishiga ishonch bildirdi.