Christie’s kimoshdi savdosida rekord darajadagi 450 million dollarga sotilgan Leonardo da Vinchining “Dunyo xaloskori” kartinasini Saudiya shahzodasi Badir bin Abdulla bin Muhammad bin Farhon al-Saud sotib olgan. Bu haqda shahzodaning auksion uyi bilan yozishmasiga tayanib, The New York Times xabar berdi, deb yozadi Meduza.

Foto: Twitter / @louvreabidhabi

Nashr qayd etishicha, qirollik oilasi a’zosining ism-sharifi shunchalik notanish bo‘lganki, Christie’s vakillari 100 million dollarlik depozitdan keyin shahzodadan pulni qayerdan olganiga aniqlik kiritishini so‘ragan. U ko‘chmas mulk bilan bog‘liq ishidan daromad olganini aytgan.

Shu bilan birga al-Saudni rekord darajadagi xarid arafasida korrupsiyaga qarshi kurash kuchaytirilganini e’lon qilgan valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonning do‘sti va tarafdori deb aytishmoqda.

Abu-Dabida ochilgan Luvr muzeyi endi “Dunyo xaloskori” u yerda ko‘rgazmaga qo‘yilishini ma’lum qilishdi.