UzCard banklararo to‘lov tizimi 2018-yilning 1-yanvaridan DUET kartalari bo‘yicha tranzaksiyalarni to‘xtatadi, deb xabar berdi UzCard matbuot xizmati.

Foto: UzReport

UzCard banklararo to‘lov tizimi joriy yilning 3-choragida DUET (“offlayn”) kartalar orqali amalga oshirilgan banklararo tranzaksiyalarning umumiy soni 14,2 ming tranzaksiyadan iborat bo‘lib, 16,3 milliard so‘mni tashkil qildi. O‘tgan yilning shu vaqt oralig‘ida banklararo tranzaksiyalarning umumiy soni 1,9 million bo‘lib, miqdori esa 1,06 trillion so‘mni tashkil qilgan.

Qayd etilgan ko‘rsatkichlardan kelib chiqib, UzCard 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab, DUET kartalar bo‘yicha tranzaksiyalarni to‘xtatishga qaror qildi.

Aytib o‘tish lozimki, joriy yilning 3-choragida mamlakat bo‘ylab 1,4 million plastik karta ishlab chiqarilgan. Bu 2-chorak ko‘rsatkichidan 54,2 % ko‘p demakdir. 2017-yilning 2-choragida emissiya qilingan kartalar soni 908 210 mingtani tashkil qilgan bo‘lsa, 2016-yilning 3-choragida 1,7 million bank plastik kartalari chiqarilgan. Joriy yil ko‘rsatkichlari bilan solishtirilganda 17,6 % ga pasayganini ko‘rishimiz mumkin.