“Yandeks. Musiqa” foydalanuvchilari 2017-yilda ko‘proq xorij xonandalarini tinglagan, deb xabar beradi “Vedomosti”.

Foto: YouTube

Yilning eng ommabop qo‘shiqlari o‘ntaligiga rus tilidagi to‘rtta qo‘shiq ham kiritilgan.

Reytingning birinchi pog‘onasidan britaniyalik xonanda Ed Shiran joy oldi. “Yandeks. Musiqa” ma’lumotlariga ko‘ra, foydalanuvchilar uning Shape Of You qo‘shig‘ini eng ko‘p tinglagan.

Reytingning ikkinchi o‘rnini Luis Fonsi va Deddi Yankining Despacito qo‘shig‘i zabt etdi.

Keyingi o‘rinlardan amerikalik qo‘shiqchi Charli Putning Attention va Portugal. The Man guruhining Feel It Still qo‘shiqlari o‘rin olgan. Amerikaning Imagine Dragons guruhining ikkita — Believer va Thunder qo‘shiqlari reytingga kiritildi.

Rus tilida kuylovchi xonandalar orasida Burito guruhining “Po volnam” (“To‘lqinlar bo‘ylab”), Ukrainaning “Gribi” guruhining “Tayet lyod” (“Muz eriydi”), Artik&Asti guruhining “Nedelimi” (“Ajralmaslar”), Svetlana Lobodaning “Sluchaynaya” (“Tasodifiy”) qo‘shiqlari eng ko‘p tinglangan, deb topildi.

Reytingni tuzishda 2017-yilda chiqqan qo‘shiqlar va albomlar haqidagi hamda yanvar oyidan noyabr oyigacha necha marta tinglanganligi haqidagi ma’lumotlar hisobga olingan. Bu vaqt oralig‘ida servisning oylik foydalanuvchilari soni 20 milliondan oshgan.